21:19 / 07.12.2015
7280

Tojikistonda zilzila tufayli 8 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizildi

Tojikistonning Badaxshon avtonom viloyati markazi bo‘lmish Xorog shahridagi shifoxonaga 8 kishi bugun ro‘y bergan zilziladan jabrlangan 8 kishi olib kelingan. Bu haqda TASS axborot agentligi Tojikiston FVQ matbuot xizmati boshlig‘i Orif Nozimovga asoslanib, xabar bergan.

"Hududda 6,7 balli zilzila ro‘y berishi natijasida o‘nlab yuylar zararlangan, Xorog shahri hokimiyati binosiga ham shikast yetgan. Bunday oqibatlar Tog‘li Badaxshon viloyatining Murg‘ob va Vanchsk tumanlarida ham kuzatilgan", deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda maxsus komissiya tuzilib, falokat oqibatlarini o‘rganish va zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 dekabr kuni, Tojikistonda magnitudasi 7.2 balga teng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. U qo‘shni O‘zbekistonda ham aks sado berdi: Toshkentda, Farg‘ona vodiysi va Qashqadaryoda 3.5-4 balli silkinishlar qayd qilindi.

Aniqlanishicha, zilzila markazi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumanida, Sarez ko‘liga ancha yaqin hududda sodir bo‘lgan.

Top