21:06 / 10.12.2015
2096

Toshkentda sil kasalligining oldini olishga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

10 dekabr kuni poytaxtimizda sil kasalligining oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi O.Go‘zalov, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela L. Spratlen, shuningdek, 90 nafardan ziyod shifokor-ftiziatrlar, laboratoriya mutaxassislari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va tibbiyotga ixtisoslashgan ta'lim muassasalari pedagoglari ishtirok etdi.

Yalpi yig‘ilishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Yevropa supra-milliy referens-laboratoriyalar, Chegarasiz shifokorlar va Management Science for Health mutaxassislari o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xabariga ko‘ra, joylarda silni barvaqt aniqlash bo‘yicha maxsus laboratoriyalar tashkil etilib, zamonaviy tibbiy tahlil vositalari bilan jihozlandi. Bugungi kunda tibbiy tekshiruvlar xastalikni erta aniqlash va davolash imkonini bermoqda.

Ana shunday tizimli ishlar natijasida keyingi yillarda mamlakatimizda sil bilan kasallanishni qirq foizga, o‘lim ko‘rsatkichini yetmish foizdan ko‘proq kamaytirishga erishildi. Xalqaro ekspertlar silga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarni, bu yo‘nalishda orttirilgan milliy tajribani alohida e'tirof etmoqda.

Top