16:15 / 13.12.2015
5914

O‘zbekiston fuqarolariga xorijdan keltirilgan pochta jo‘natmalarida psixotrop tabletkalari mavjudligi aniqlandi

"So‘nggi paytlarda tarkibida narkotik va psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarini pochta jo‘natmalari orqali jo‘natish holatlari ham uchrab turibdi. Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan bu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda", deyiladi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabarida.

Jumladan, fuqarolar S.Qobilova va Z.Lujina (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) nomlariga Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmalari amaldagi tartiblarga binoan bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, jo‘natmalardagi buyumlar orasida CN-23 shaklidagi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 500 dona “Fenazepam” psixotrop tabletkalari borligi ma'lum bo‘ldi.

Toshkentda istiqomat qiluvchi O.Ilyosov nomiga Germaniyadan keltirilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda esa unda tegishli hujjatlarda qayd qilinmagan 200 dona psixotrop tabletkalar borligi aniqlandi.

Shuningdek, Isroildan fuqaro U.To‘xtayev nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasidagi buyumlar orasida tarkibida kodein fosfat giyohvand moddasi mavjud bo‘lgan 140 dona “Rokaset” nomli tabletkalar yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 330-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib o‘tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va chegaralangan psixotrop hamda narkotik vositalar ro‘yxati tasdiqlangan.

Fuqarolar bojxona qoidabuzarliklari yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasining 120-76-76 “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Top