22:02 / 15.12.2015
14470

Ekstremizmning manfur qiyofasi

Dinni niqob qilib va Alloh taoloning nomi bilan odamlarni o‘ldirayotganlarni qanday tushunish mumkin? Ularni aqldan ozgan yoki ularning bolaligi qiyinchilikda o‘tgan yoki bo‘lmasa musulmonlarni yomonotliq qilish uchun ularga katta pul to‘langan yoki musulmonlar yashaydigan hududlarni bosqinchilar ishg‘ol qilishi yoki musulmonlarni atayin obro‘sizlantirish uchun qilinmoqda, deb qo‘yish eng oson javob bo‘lar edi. Aslida esa muqaddas matnlarni o‘rganayotganlar bu kabi qabih, axloq-odobsiz odamlar oramizda bo‘lishi mumkinligini yaxshi biladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vassalom ularning paydo bo‘lishi va ularning xatti-harakatlari haqida xabar berganlar. Ular, ularga ergashganlar hamda ularning avlodlari bilan ashobi kiromlar ham kurashgan.

Quyidagi ekstremistlarga xos alomatlar Rasululloh sallallohu alayhi vassalom hadislaridan hamda u zotga ergashgan ashoblarining ogohlantirishlaridan yig‘ilgan.

1. Obro‘larni tan olmayotgan yoshlar
Ali roziyallohu anhu dedilar:
“Oxiri zamonda yoshlari kichik, aqllari past qavm keladi...” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy)
Bu qanchalik achchiq ko‘rinmasin, biroq o‘ta muhim eslatmadir. Zamon oxirlab qolganda chiqadiganlarining ko‘pchiligi yosh yigitlar bo‘lishadi. Saflarida bilimli va tajribali kattalar, yoshi ulug‘ kishilar kam bo‘ladi. Ibn Hajar rahimahulloh Fathul Boriy kitoblarida ularni yosh yigitlar, deb sharh qilganlar.
Ilmni omonat bilib, keyingi avlodlarga yetkazayotgan katta ulamolar bor. Agar siz ishonch va ma'suliyatsiz hamda hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan va jumhur ulamolarga zid yoki qandaydir bahsli narsalarni qo‘zg‘ayotgan yoshlar atrofida odamlar to‘planayotganini ko‘rsangiz, bularning odatda aqllari kalta bo‘lishini bilib olavering. Ularga ergashib bo‘lmaydi. Ular xolis, samimiy va gaplari burro bo‘lishlari mumkin, biroq ularning fikrlari chala yoki asossiz bo‘ladi. Agar qandaydir bir narsani barcha mazhab ulamolarni inkor qilayotgan bo‘lsa, demak haq ular tarafida bo‘ladi va jumhur ulamolar maslahatiga ko‘ra, yosh “ulamolar”dan yuz o‘girib yanglishmaysiz. Agar eng katta obro‘ga ega bo‘lgan ulamolar dunyoning barcha burchaklaridan jinoyatchi va murtadlarni qoralayotgan bo‘lsa, bir to‘da yoshlarning fikrlarini devorga otishingiz mumkin. Ahli sunna val jamoat aynan shunday qiladi.

2. Adovat va tentaklik
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlarki, bu odamlar o‘zlarini keskin tutishadi, qo‘pol va qattiqqo‘l bo‘lishadi, o‘ylamasdan gapirishadi, ilmsiz bahslashishadi, hamma narsani hal qila olamiz, deb hisoblashadi, haq faqat o‘zlarida ekanligini da'vo qilishadi, odamlarning barchasi ular tomonida bo‘lishi kerak, deb fikrlashadi.
G‘uluvga ketuvchilarni farqlovchi muhim jihati – o‘z ishini to‘g‘ri deb bilish va hech qanday aqlga sig‘maydigan katta adovatdir. O‘zining g‘azabini ko‘rsatib qo‘yish uchun sha'riy-qonuniy yo‘llarni emas, balki qotillik, jinoyatlardan foydalanadilar. Ularning ko‘pchiligi yengiltak, shoshqaloq, qiziqqon va kaltabinlik sifatlari g‘olib bo‘lgan yoshlardan iborat bo‘lib, yana ular tor fikrli va uzoqni ko‘ra bilmaslik sifatlari bilan ham ajralib turishadi.
Demak, aqlan yiroq bo‘lgan harakatlarga qo‘shilgan adovat ularning aqlsizligini aks etuvchi muhim alomatdir.

3. G‘urur va mutakabbirlik
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan kelgan hadisda shunday deyiladi: "Sizlarning orangizda ibodatjo‘y va g‘ayratli bir qavm paydo bo‘ladi. Shu darajada g‘ayratli bo‘ladilarki, odamlar ularga mahliyo bo‘lib qoladilar. Ular borib-borib o‘zlariga bino qo‘yadilar. Ularning dindan chiqishlari kuch bilan otilgan kamon o‘qining o‘ljani bir tomonidan kirib ikkinchi tomonidan chiqib ketishidan tezroq bo‘ladi”. Imom Ahmad sahih sanad bilan rivoyat qilganlar.
Ulardagi g‘urur ilmni da'vo qilishga, ulamolarni nazar-pisand qilmaslikka, katta ishlarga o‘ylamasdan va shoshqaloqlik bilan aqlli va bilimli kishilarning fikrini olmasdan kirishishga olib keladi. Boshqalar dinda o‘z ilmlarini oshirishga harakat qilayotganlarni ko‘rib, ularni tanqid qiladi va o‘zining ustunligini har tamonlama ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ladilar.
Ular o‘zlarini qandaydir o‘zgacha, boshqalarga qaraganda yaxshi deb biladilar. Bu narsa boshqalar bilan bo‘lgan gap-so‘zlar, turish-yurishlarda namayon bo‘ladi. Ular orasida boshqalarni kufrda va munofiqlikda ayblash ko‘p kuzatiladi.

4. “Ibodat”lardagi g‘ayratning ko‘pligi
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh alayhissalom: «Albatta, mendan keyin mening ummatimdan - yoki kelajakda mendan keyin mening ummatimdan - bir qavm bo‘lur. Ular Qur'onni qiroat qilurlar. Ammo u halqumlaridan nari o‘tmas. Ular dindan xuddi o‘q kamondan chiqqanidek chiqurlar. So‘ngra unga qaytmaslar. Ana o‘shalar odamlarning va hayvonlarning eng yomonidir», dedilar». (Muslim va Abu Dovud).
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizning ichingizdan bir qavm chiqadi. Ularning namozi oldida o‘z namozingizni, ro‘zasi oldida o‘z ro‘zangizni, amali oldida o‘z amalingizni haqir sanaysiz. Ular Qur'onni qiroat qiladilar. Ammo bo‘g‘izlaridan nari ko‘tarilmaydi. Ular dindan kamon o‘qi ovdan chiqqaniga o‘xshash tez chiqadilar..."
Agar ularning namozlari oldida sahobiylarning namozlari arzimas, haqir bo‘lib qolsa boshqalarning namozi haqida nima deyish mumkin?!
Bunday esipast yoshlarning o‘z adashuvlarida xolis ekaniga shubha yo‘q. Ular amal qilayotgan va da'vat qilgan narsalariga chin dildan ishonadilar. Ularning fojiasi shundan iboratki, ularning namozlari bizlarnikidan “yaxshi bo‘lsa” ham ular bu narsalarning asl ma'nolarini to‘g‘ri tushunishmaydi. Ularning so‘zlari tillarida qoladi va hech qachon qalblariga yetib bormaydi, “bo‘g‘izlaridan nari chiqmaydi”. Ular matnlarning ma'nosini to‘laligicha tushuna olmaydilar va shuning uchun ham turli xil ta'villar paydo bo‘ladi.

5. Qur'oni karimni noto‘g‘ri ta'vil qilish
Rasululloh sallalohu alayhi vassalom deganlar: “Ular Qur'onni qiroat qiladilar. Ammo kekirdaklaridan o‘tmaydi...” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy.
Chiroyli tilovat hamda hissiyotlarga berilgan ba'zi harakatlarning qalbga yetib borishi kifoya emas. Ular Qur'onni ko‘p tilovat qilishadi va undan ko‘p dalil keltirishadi. Biroq, buni tushunmay, ilmsizlik bilan qilishadi. Qur'on oyatlarini noto‘g‘ri o‘rinlarga ishlatishadi. Shuning uchun ham hadislarda ularning sifatlarida quyidagi so‘zlar bor; "Qur'onni o‘qib, o‘zlarining foydasiga deb o‘ylashadi, vaholanki Qur'on ularning ziddigadir." "Tillari Allohning kitobidan tinmaydi, biroq bo‘g‘izlaridan uyoqqa o‘tmaydi." "Qur'on o‘qiydilar, biroq o‘mrovlaridan o‘tmaydi."
Qur'oni karim muhabbat, vafo, marhamat va tinchlikni qamrab olgan universal ta'limotni vujudga keltirgan bo‘lib, dindorligida faqat bir jihatgagina e'tibor qaratganlar buni esdan chiqarib qo‘yadilar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo ular haqida: “Kofirlar haqida nozil bo‘lgan oyatlarni olib mo‘minlarga qarshi qo‘lladilar!” deganlar. Bu so‘zni imom Buxoriy ta'liqotlarida zikr qilganlar.

6. Vahshiylikni oqlashdagi notiqlik
Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: “...Ular Allohning kitobiga da'vat qilurlar. Holbuki, o‘zlarida undan hech narsa yo‘q...” deganlar.
Ekstremistlar bilan bahs qilish juda qiyin, ular o‘zinikini zo‘r turib himoya qiladilar. Ularning so‘zlari go‘zal va chiroyli. Balog‘atu fasohatlarida xilof bo‘lishi mumkin emas. Bahsu munozara va nutq maydonida ham yetarli ulushlari bor. To‘g‘ri, bugun ummat boshidan kechirayotgan muammolarni hech kim inkor qila olmaydi, shuning uchun ham gapini tasdiqlash uchun o‘sha muammolarni ko‘p gapiradi (hijob, ibodatlarning cheklanishi, qama-qamalar va hk). Odatda, ularda vaxshiyliklarni oqlash uchun qandaydir shubhali manbalardan olgan javoblari tayyor turishadi. Agar siz ma'lum bilan jinoyatni tanqid qilsangiz, ular barchaga bo‘layotgan jinoyat haqida gapiradilar. Agar siz begunohlarning o‘ldirilishi haqida gapirsangiz, ular dronlar bilan bo‘layotgan hujumlar yoki qaysidir davlatning musulmonlarga bo‘layotgan zuhumu zulmlari haqida gapiradi. Shu gaplarga ko‘pchilik mahliyo bo‘lib, zararli mafkura asiriga aylanadi. Bularning hammasi begunohlarni o‘ldirishni oqlash uchun gapiriladi, axir. Shuni yaxshi tushunish kerak.

7. Musulmonlarning qonini to‘kishni mumkin qiladigan fatvolar
Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: “Ular ahli Islomni qatl qiladilar va ahli butlarni tark qiladilar”, deganlar. (Buxoriy, Muslim va Termiziy)
Ajablanarlisi, Islomga bo‘lgan muhabbatlari haqida qasam ichayotanlarning eng birinchi qurbonlari o‘zga dindagilar emas, balki musulmonlar bo‘ladi. Bozor, transport bekatlaridagi portlashlar, maktablarga uyushtirilgan hujumlar, uslublariga rozi bo‘lmaganlarni o‘ldirishlar... Ular shifoxona, maktablarga hujum qiladilar, boshqa mazhab, firqa va oqimlarning masjidlarni portlatishadi, o‘zlariga qo‘shilmaganlarni kufrda ayblashadi. Nohaq kofirga chiqarish va muxoliflarning qonlarini poymol qilish - bu sifat ekstremistlarning boshqa firqalardan ajratuvchi eng asosiy belgisidir.

8. Ulamolarga tuhmat va bo‘htonlar
Agar siz qaysidir obro‘rli ulamoga tayanib biron narsa desangiz, ular darhol gapingizni inkor qilib, bu “saroy” ulamolarining gapi, ularning fatvolari olinmaydi yoki bu fiqh olimi, jihod olimi emas va shunga o‘xshash gaplarni gapirishadi.
Bunday qonli mafkuraning barchasi Islomga bo‘lgan muhabbat, Islomni peshqadam qilish kabi balandparvoz shiorlar bilan niqoblanadi.
Biroq, ularning fikrlarini hech qanday tabiiy hissiyotsiz tinglasangiz, ularning Islom va uning maqsadlari haqidagi tushunchalari o‘ta tor va beo‘xshov ekaniga guvoh bo‘lasiz. Ular gapirayotan gaplari to‘g‘riga o‘xshaydi, biroq amallari ularning yolg‘onini bildirib qo‘yadi.

Xullas, ular har zamon va har makonda o‘zlariga xos belgi bilan ajralib turadilar. Bu belgi gohida bayroqda, gohida kiyimlarining rangida yoki shakl-shamoyilda va yoki boshqa narsalarda bo‘lishi mumkin. Adashib ketmaslik uchun ko‘pchilik tanigan, bilgan va katta hurmatga ega bo‘lgan ulamolarga ergashish kerak, tamom vassalom.

MuslimMatters materiallari asosida
Abu Muslim tayyorladi.

Top