18:10 / 15.12.2015
6158

"Oliy ta'lim muassasasining eng yaxshi pedagogi-2015" ko‘rik-tanlovi taqdirlash marosimi o‘tkazildi

15 dekabr kuni “Turkiston“ saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning “Oliy ta'lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda pedagogika, gumanitar fanlar, san'at, sotsiologiya va psixologiya, huquq, jurnalistika va axborot, iqtisod, matematika, tabiiy fanlar, muhandislik ishi, arxitektura va qurilish, ishlab chiqarish texnologiyalari, kompyuter texnologiyalari va informatika, aloqa, axborotlashtirish va telekomunikatsiya texnologiyalari ishi, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligida menejment, qishloq xo‘jaligi texnikasi, veterinariya, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi, xizmat ko‘rsatish sohasi, transport va irrigatsiya va melioratsiya ta'lim sohalari bo‘yicha 59 nafar g‘olib taqdirlandi.

Tanlovning respublika bosqichida har bir ta'lim sohasi bo‘yicha nominatsiyalarda 1-o‘rinni egallagan g‘oliblarga faxriy diplom hamda lavozim maoshining 5 barobari miqdorida pul mukofoti taqdim etildi. Moddiy rag‘batlantirish to‘lovi Oliy ta'lim muassasalarining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Shuningdek, 1-o‘rinni egallagan g‘oliblar 3 yil mobaynida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga (OAK) tegishli lavozimda vazifani bajarib turuvchining bir yillik muddatini o‘tamasdan professor (yoki dotsent) ilmiy unvonlarini olish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega bo‘ldilar.

Tanlovning respublika bosqichi g‘olibining faxriy diplomi OAK tomonidan ilmiy unvonlarni belgilangan tartibda berish uchun nashr etilgan darsliklarga, o‘quv qo‘llanmalariga, ilmiy maqolalarga ega bo‘lish bo‘yicha talablarning bajarilganligiga tenglashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu ko‘rik tanlov Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ilk bor o‘tkazilmoqda.

Mirjahon Yusupov, O‘zDJTU talabasi

Top