16:44 / 15.12.2015
3279

Pamela Spratlen o‘zining O‘zbekistondagi 1 yillik faoliyati yuzasidan fikrlarini bildirdi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen an'anaga ko‘ra, o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar bilan uchrashdi.

U O‘zbekistonga kelganiga salkam bir yil bo‘layotganini aytar ekan, “mana shu bir yil bir pasda o‘tib ketgandek bo‘ldi”, dedi.

“O‘zbekistonga ikki tomonlama xamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida kelgandim. 2015 yilda ko‘p ishlar qilindi” deya o‘z so‘ziga qo‘shimcha qildi AQSh elchisi.

Shu o‘rinda u 2015 yilda O‘zbekistonga amerikalik yuqori lavozimli ko‘plab mulozimlarning tashrif buyurganini ta'kidlab o‘tdi.

Pamela Spratlen O‘zbekistonda, xorijiy tillarni, jumladan ingliz tilini o‘qitishga katta e'tibor qaratilayotganini aytar ekan, bu borada to‘rt nafar amerikalik mutaxassis O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganini eslatib o‘tdi.

“Boshqa mamlakatlarda bu maqsad uchun 2 nafardan amerikalik mutaxassis borligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu yaxshi ko‘rsatkich”, deydi amerikalik diplomat. AQShda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 500 nafarga yetgani ham tilga olindi.

AQSh elchisi O‘zbekiston hukumati olib borayotgan iqtisodiy islohotlarga ham yuqori baho berib, xususiy mulk va kichik biznes rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga elchi, AQShning elchixonasi O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan qo‘shma loyihalar borasida ham ma'lumot berdi. “Hukumat bilan muntazam xamkorlik qilayapmiz. Islohotlar O‘zbekiston hukumatining oldiga qo‘yigan asosiy maqsaddir”, dedi Pamela Spratlen.

Bir yil mobaynida Samarqand, Buxoro va Nukusga rasmiy tashrif buyurganini, norasmiy ravishda esa Xivada bo‘lganini faxr bilan qayd qilib o‘tdi.

“Ko‘p joylarda bo‘la olmadim. Ammo 2016 yilda O‘zbekistonnning bir qator viloyatlariga borishni niyat qildim” dedi AQSh elchisi. Shu bilan birga u “oshxona diplomatiyasi” haqida ham ma'lumot berdi. Oq uy oshpazining O‘zbekistonga kelishi, o‘zining O‘zbekiston telekanallaridagi taom tayyorlash dasturlarida qatnashganini, bu tomoshabinlar tomonidan e'tirof etilganini faxr tuyg‘usi bilan ta'kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, elchi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Iqtisodiy aloqalar borasida berilgan savolga javob qaytargan elchi AQShning bir qator kompaniyalari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganini eslatib o‘tdi. Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro Investitsiya anjumanida amerikaliklar xam ishtirok etganini, ular O‘zbekistonga katta qiziqish bilan qarayotganini ta'kidladi.

“Samarqandda konsulxona ochish niyatingiz bormi?” degan savolga hozircha Toshkentdagi elchixona barcha talablarni qanoatlantirib kelayotganini, shu sabab boshqa mintaqada konsulxona ochish rejasi yo‘qligi bildirilgan. U malakali o‘zbek mutaxassislari AQShga borib, u yerda faoliyat yuritganlaridan so‘ng o‘z vatanlariga qaytayotganliklarini ham ma'lum qildi.

“O‘zbekistonning tarixi boy, amerikaliklar, hatto yuqori lavozimli amaldorlar ham Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivaga borishni istashadi. Biz O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini amerikaliklarga yetkazishimiz kerak”, dedi Pamela Spratlen.

Tadbir so‘ngida AQSh elchisi kirib kelayotgan yangi yilda o‘zbekistonliklarga sihat-salomatlik, baxt-saoat va yangidan yangi omadlar, muvaffaqiyatlar tiladi.

Top