01:13 / 17.12.2015
6759

Boshqirdistonlik juftlik nikoh suratlarini yomon tasvirga olgan fotosuratchi ustidan politsiyaga murojaat qildi

Boshqirdistonning Sterlitamak shahridagi yosh juftlik Stanislav va Yuliya Myasinlar ularning fikricha nikoh suratlarini yomon tasvirga olgan fotosuratchi ustidan politsiyaga murojaat qildi. Bu haqda juftlik NTV telekanaliga “ChP” ko‘rsatuvi uchun xabar berishdi.

Yuliya Myasinaning Ufadagi Prowoman saytiga ma'lum qilishicha, to‘y 26 iyulda bo‘lib o‘tgan, biroq juftlik bu suratlarni fotosuratchi Rais Xalikovdan faqat 6 dekabrdagina olgan.

“Axir bunday qilish to‘g‘rimi?! Biz fotosuratchi qidirganimizda men u olgan suratlarni ko‘rgandim. Biz dabdabali to‘y qilmadik, kichkinagina oqshom bo‘ldi. Uning shartlari menga to‘g‘ri keldi. U qilgan xizmati uchun 13 ming rubl oldi. Hozir esa bu suratlarni bergach, qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi, uyida o‘tirib, hech kimga eshikni ochmayapti. Biz bu suratlarni olib, mutaxassislarga murojaat qildik, umid qilamizki, ular suratlarni retush qilib berishadi”, deb aytmoqda Yuliya.

9 dekabrda yoshlar politsiyaga ariza berishgan, ular noprofessional fotosuratchini javobgarlikka tortishni talab qilmoqdalar. Juftlikka notanish odamlar tushib qolgan, o‘zlari esa baxtsiz qiyofada tasvirlangan suratlar yoqmagan.

Juftlikning aytishicha, ular bu suratlarni dekabrda ularnikiga keladigan yaqinlariga ko‘rsatgani uyalishmoqda. Ular fotosuratchiga qo‘ng‘iroq qilsalar u go‘shakni olmagan, uyiga borib eshigini qoqishganiga qaramasdan, eshikni ochmagan.

Juftlik suratkash ustidan sudga da'vo arizasi topshirib, undan sifatsiz bajarilgan ishi uchun tovon puli undirmoqchi. IIVda juftlikning arizasiga ko‘ra tekshiruv o‘tkazilayotgani aytildi.

Juftlikning aytishicha, ular suratkashdan 600 ga yaqin surat olishgan, ular ichidan 30 tasigina ozmi-ko‘pmi yaxshiroq chiqqan. Biroq ular suratkashdan hanuzgacha nikoh videosini olishmagan.

NTV jurnalistlari suratkashga mijoz ko‘rinishida telefon qilib, nikohni suratga oldirishmoqchi bo‘lishganini aytishgan. U xizmat haqiga 15 ming rubl so‘ragan hamda uning ishlarini qayta ishlashga hojat yo‘qligini aytgan.

Suratkashning ijtimoiy tarmoqlardagi profili ham, uning nikoh suratkashlarining sayti sahifalarida xizmatlari haqida e'loni ham topilmagan. NTVda ko‘rsatilgan syujyetda faqatgina suratkash o‘zini “Rais Ravilevich, Director Of Fotographi” deb tanishtirgan tashrif qog‘ozi namoyish qilingan.

Top