19:15 / 17.12.2015
15486

Hosila Rahimova buvi, Zuhra Soliyeva ona bo‘lmoqchi: shou-biznes namoyandalarining yangi yil uchun rejalari

Yangi 2016 yil yaqinlashayotgan ekan, ko‘pchilik o‘tgan yilni sarhisob qilib, navbatdagi bosqichni boshlab olishni istaydi, buning uchun esa keyingi yil uchun rejalar tuzib olishni maqbul yo‘l deb biladi. “Darakchi” nashri O‘zbekiston shou-biznesi namoyandalari 2015 yili nimaga erishgani, 2016 yilda nimalarni rejalashtirayotgani bilan qiziqib ko‘rdi.
“2015 yil ijodimda ham, oilam uchun ham barakali keldi, - deydi xonanda Hosila Rahimova. – Qizimni turmushga uzatdim. Nasib etsa, 2016 yilda yakkaxon konsertimni taqdim etishni, shuningdek, nabiramni sog‘-salomat bag‘rimga bosib olishni, buvi bo‘lishni niyat qilaman”.

DJ Piligrim ham 2015 yilning omadli kelganligini ta'kidladi, lekin 2016 yil rejalarini oshkor qilishni istamadi.
“2016 yilda... muxlislarimizga atagan ajoyib sovhalarim ko‘p. Nasib etsa, o‘z vaqtida bilib olishadi”, - deb so‘ziga yakun yasadi u.
Lekin hamma ham joriy yilda qo‘yilgan maqsadlariga erisha olmagan ko‘rinadi. Masalan, Anvar Sobirov film olish rejasi amalga oshmaganini tan oldi.
“2015 yilda film suratga olmoqchi edik. Rejaga ko‘ra men unda bosh rolni ijro etishim kerak edi. Afsuski, bunga bir oz moliyaviy tanqislik sabab, niyatimizga amalga oshmadi”, - dedi u.
“2015 yil kirib kelishi arafasida uchta klip, musiqiy albom chiqarish, mashinamni yangisiga almashtirishni niyat qilgandim, - dedi Firdavs N. – Ammo yil bo‘yi ikkita qo‘shig‘imga klip suratga oldim, xolos. Mashinamni ham almashtira olmadim. Xudo xohlasa, 2016 yilda samarali ijod qilish, ko‘proq qo‘shiq va kliplar yaratishni niyat qilganman. 2016 yilda san'atga kirib kelganimga 20 yil bo‘lishi munosabati bilan ijodiy kecha uyushtirmoqchiman”.
Lekin hamma ham 2015 yilda amalga oshmay qolgan niyatlardan voz kechish niyatida emas. Aktrisa Zuhra Soliyeva bunga misol bo‘la oladi.
“2015 yilda ona bo‘lmoqchi edim, afsuski, bu niyatim amalga oshmadi. 2016 yilda ona bo‘lishni rejissyorlarimiz men haqimda kino suratga olishlarini istardim”, - deya niyat qildi u.

Top