18:58 / 17.12.2015
8919

O‘zbekistonda magistratura talabalari uchun stajirovka tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘i (pdf) bilan Oliy ta'lim muassasalari magistratura mutaxassisliklari talabalari tomonidan stajirovkani o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom talablari O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi va Korporativ boshqaruv ilmiy ta'lim markaziga, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini yuritayotgan, o‘rnatilgan tartibda faoliyati xususiyatlari inobatga olinib, magistrlar tayyorlashni amalga oshirayotgan xalqaro va xorijiy OTMlariga, shuningdek, yuridik ta'lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

Stajirovka magistratura talabasining ilmiy-tadqiqot ishlari taqozo etganda individual ilmiy izlanish va tajriba-sinovlarni o‘tkazish maqsadida tashkil etiladi va magistratura talabalari OTM kengashi tavsiyasiga muvofiq stajirovka o‘tashga yuboriladi.

Magistratura talabalari stajirovkani stajirovka o‘tash dasturi asosida ishlab chiqarishda, ilmiy-tadqiqot muassasasida yoki xorijda o‘tashi mumkin bo‘ladi.

Magistratura talabasi birinchi semestrni (birinchi kursni) muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng stajirovka o‘tash uchun yuboriladi. Stajirovka rejalashtirilayotganda uning yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishiga ikki oy qolgunga qadar yakunlanishi hisobga olinishi zarur hisoblanadi.

Magistratura talabasi stajirovka o‘tab bo‘lgandan so‘ng stajirovka bo‘yicha yozma ravishda hisobot tayyorlaydi.

Top