19:35 / 21.12.2015
5963

OAV: Terroristlar Filipp Kirkorovning hayotiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan

2002 yilda Shamil Basayev rahbarligidagi terroristik guruh Rossiya poytaxti Moskva shahridagi “Nord Ost” myuziklida odamlarni garovga olish bilan birgalikda rossiyalik taniqli qo‘shiqchi Filipp Kirkorovni ham o‘ldirishni rejalashtirgani ma'lum bo‘ldi.

Jangarilar rejasiga ko‘ra, portlash teatr kompleksini qo‘lga olish vaqtida sodir bo‘lib, shu yo‘l bilan huquq-tartibot organlari xodimlarini bo‘lib yuborish va Moskva aholisi o‘rtasida vahimani keltirib chiqarishi lozim edi.

LifeNews ma'lumotlariga ko‘ra, 2002 yilning 23 oktabr kuni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xudkush ayol Zaira Daudova Estrada teatri sahnasiga qo‘lbola granatani uloqtirishi, shundan so‘ng metall sharchalar to‘ldirilgan o‘lim nimchasini faollashtirishi kerak bo‘lgan. Filipp Kirkorovni o‘ldirish uchun u birinchi qatordan joy olishi lozim edi. Belgilangan kuni Daudovani teatrga jangarilardan biri Axyad Mejiyev olib keladi.

Avvaliga barchasi rejaga muvofiq kechgan: Daudova o‘lim nimchasi va cho‘ntagidagi granata bilan soqchilar ko‘rigidan o‘tib olgan. Biroq teatr ishchilari undan uyali aloqa telefonini olib qo‘ygan: 2002 yilda ko‘plab modellarda ovoz o‘chmagan va garderobchilar tomoshabinlarni ular bilan ichkariga kirishlariga ruxsat bermagan.

Aloqasiz qolgan qiz ruxsat signalini qabul qila olmagani sababli sarosimaga tushib qoladi. Teatrda bir soatcha bo‘lib, binodan chiqadi va Axyad Mejidov o‘tirgan mashinaga keladi. Jangari bilan metroda o‘zini portlatishi lozim bo‘lgan yana bir xudkush ayol – Ayshat Amayeva ham bo‘ladi. Terakt amalga oshmaganidan so‘ng ular Ingushetiyaga qaytib ketishadi, besh yilcha ular haqda hech kim hech narsa bilmaydi. Faqatgina 2007 yilga kelib har ikkisi ham qo‘lga olinadi.

Unda Zaira Daudova rejalashtirilgan terakt haqida oshkor qilgan. Biroq Moskvani bilmasligi sababli terakt “Pushkin” kinoteatrida uyushtirilishi rejalashtirilganini aytdi. Mazkur terakt haqidagi ma'lumotlarni chechen tergovchilari o‘rganmasdan, jinoyatdan ixtiyoriy voz kechganlik shaklida qayd etishgan. Yakunda Daudova “Noqonuniy qurol saqlaganlik” aybi qo‘yilib, sud zalida amnistiya qilingan. U Belgiyaga ketgan va u yerda oila qurib, farzandli bo‘lgan. Amayevani ham qo‘lga olishlari bilan xudkushlikka tayyorgarlik ko‘rganlik aybini isbotlovchi dalillar yo‘qligi sababdan qo‘yib yuborilgan.

Top