10:41 / 21.12.2015
14207

Qoraqamish dahasidagi sobiq dehqon bozori manzarali qushlar va baliq bozoriga aylantirildi

Toshkent shahrining Beshyog‘och mavzesida joylashgan manzarali qushlar va baliq bozori Olmazor tumanidagi sobiq Qoraqamish dehqon bozori o‘rniga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda qalampir.uz xabar qilmoqda.

Mazkur bozor 19 dekabrdan ish boshlagan.

Saytning o‘z manbasiga asoslanib yozishicha, Qoraqamish 2/5 dahasida joylashgan dehqon bozoriga manzarali qushlar va baliq bozorining ko‘chib kelganiga bir kun bo‘lmay turib o‘sha yerda istiqomat qiluvchi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bozorga tashrif buyuruvchi xaridorlar uchun avtoturargohning yo‘qligi, avtomobil yo‘lining torligi oqibatida tirbandlik yuzaga kelyapti. Mashinalarning yo‘l chetiga, qarama-qarshi yo‘llarni ajratib turuvchi tramvay yo‘liga palapartish qo‘yib ketilishi nafaqat jamoat transportlari, balki yengil mashinalarning harakatlanishida muammolar tug‘dirmoqda.

“Bozor joylashgan hududda oziq-ovqat do‘konlari, 196-, 191-umumiy o‘rta ta'lim maktabi, 94-maktabgacha ta'lim muassasasi, M.Tursunxo‘jayeva nomidagi tibbiyot kolleji, Uztelecom kompaniyasi filiali, kafe va restoranlar, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi turli markazlar faoliyat yuritmoqda.

Bozor atrofida avtoturargohning yo‘qligi, uni ko‘chirib olib kelishda bu masala inobatga olinmagani o‘sha yerda yashovchi aholi va davlat va jamoat tashkilotlari, korxonalarning, ta'lim dargohlarining faoliyatiga ta'sir o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas. Balki mutassaddilar bu masalaga tez orada yechim topishar”, deyiladi xabarda.

Top