10:48 / 22.12.2015
4541

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari terrorchilarga tegishli, qurol-aslaha va o‘q-dorilar berkitilgan yashirin joyni aniqlashdi

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan xalqaro terrorchilik guruhlari a'zolariga tegishli, qurol-aslaha va o‘q-dorilar berkitilgan yashirin joy aniqlandi. Bu haqda qo‘mitaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lum qildi.

Yashirin joy avval qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida terrorchilikka va diniy ekstremizmga qarshi qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlandi. Yashirin joy Bishkekning Archa-Beshik mikrotumanidagi turar joy binolaridan birida topilgan. “Yashirin joyda Kalashnikov avtomatlari va ularga 400 tadan ko‘proq o‘q topilgan. Bu yashirin joy 10 dekabrda yo‘q qilingan, xalqaro terrorchilik guruhlaridan birining ikki a'zosiga tegishli bo‘lgani va ulardan Bishkek va Chuy viloyatida teraktlar amalga oshirishda foydalanilmoqchi bo‘lingani aniqlandi”, deyilmoqda xabarda.

Joriy yil boshidan Qirg‘izistonda maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan bir necha maxsus operatsiyalar amalga oshirilgan, ular davomida terrorchilik guruhlarining 15 nafarga yaqin a'zosi yo‘q qilingan yoki qo‘lga olingan. Jangarilardan katta miqdorda o‘qotar qurol, granata va qo‘lbola portlovchi qurilmalar tortib olingan.

Top