08:54 / 28.12.2015
12525

Shri-Lanka prezidenti Enrike Iglesiasning konserti tashkilotchilarini savalashni taklif qildi

Shri-Lanka prezidenti Maytripala Sirisena mamlakat poytaxti Kolombo shahrida taniqli qo‘shiqchi Enrike Iglesiasning konsertini tashkillashtirganlar jiddiy jazolanishi kerakligini bildirdi. U buning uchun O‘rta asrlarda qo‘llanilgan darra urish usulini taklif qilgan. Bu haqda The Independent nashri xabar tarqatdi.

Ispaniyalik qo‘shiqchining konserti 20 dekabr kuni Kolombo shahridagi regbi uchun mo‘ljallangan stadionda bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbarining noroziligiga konsert vaqtida qo‘shiqchining muxlislari o‘zini tutishlari yoqmagan: ular kiyimlarini yechib, o‘z kumirlariga qarata uloqtirishgan va unga havodan bo‘salar yo‘llashgan.

"Bu borib turgan qoloqlik va bunday harakatlar bizning milliy an'analarimizga xos emas", deydi prezident. U bunday muxlisalarni ham jazolash kerakligini ta'kidlab o‘tgan.

U shuningdek, konsert uchun chiptalar bahosi (5000 rupiydan 50 ming rupiygacha, bu taxminan 35 dollardan 350 dollargacha degani) haddan tashqari qimmatligiga e'tibor qaratgan.

Bu konsert Iglesiasning dunyo bo‘ylab uyushtirayotgan turnesi davomida o‘tkazilgan. Kolombodagi konsert tashkilotchilari hozircha prezidentning fikrlariga munosabat bildirishmagan.

Top