Jahon | 18:51 / 02.01.2016
4663
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda qashshoqlar soni besh yil davomida 4,5 baravar kamaydi

Oxirgi besh yil davomida Qirg‘izistonda qashshoqlar soni 4,5 baravar kamaygan. Bu haqda Qirg‘iziston Mehnat va Ijtimoiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabariga asoslanib, sputnik nashri xabar bergan.

2010 yilda Qirg‘izistonda davlat to‘ntirilishi yuz bergan edi. Uning natijasida sobiq prezident Qurbanbek Bakiyevning vakolati bekor qilngan edi.

“2010 yilda aholining 5,3 foizi qashshoqlikda yashar edi. 2015 yilda esa faqat 1,2 foiz aholi nochor ahvolda”, — degan matbuot xizmati vakili.

Uning so‘zlariga qaraganda respublikada eng kam ish haqi hajmi ham 20 foizga oshdi va hozirgi kunda 1466 somni (20 dollar) tashkil qiladi.

Davlat ushbu davr ichida kafolatlangan oylik daromad miqdorini ham 2 baravarga oshirdi. Buning evaziga kam ta'minlangan ko‘p bolali oilalar “bolalar yordam puli” olish huquqiga ega bo‘ladi.

"Bugungi kunda, agar oilaning har bir a'zosiga oylik maosh 810 somdan kam miqdorni tashkil qilsa, voyaga yetmagan bolalarga davlat yordam puli belgilanadi", deb izohlashgan matbuot xizmati vakillari.

Ushbu davr mobaynida qashshoqlikda yashovchi qirg‘izistonliklar soni ham 33,7 foizdan 30,6 foizga kamaydi. Hozirgi paytda, Qirg‘izistonda qashshoqlik chizig‘ini belgilovchi eng kam daromad oyiga 30 dollarni tashkil qiladi.