Jahon | 17:34 / 02.01.2016
5050
2 daqiqa o‘qiladi

Yamandagi tinchlik sulhi muhlati yakunlandi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasi Yamandagi husiychilar bilan tuzilgan tinchlik sulhi muddati yakunlangani haqida e'lon qildi. Bu haqda saudiyaliklarning milliy axborot agentligi bo‘lmish Saudi Press Agency (SPA) xabar tarqatgan.

"Yamanning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi Alyans rahbariyati bu mamlakatda amalda bo‘lib turgan tinchlik sulhi 2 yanvar kuni soat 14:00da bekor bo‘lganini e'lon qiladi", deyiladi xabarda.

20 dekabr kuni Yamanda o‘t ochishlar to‘xtatilishi yana 1 haftaga uzaytirilgandi. Ikki tomon vakillari 14 yanvar kuni muzokaralar stoli atrofida uchrashishga kelishishgan.
Yamandagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh BMT ishtirokidagi muzokaralar orqali 15 dekabr kuni joriy qilingandi.

Ma'lumot uchun, Yamandagi isyonchi husiychilar 2015 yilning yanvarida mamlakat poytaxti Sano shahrini egallab olishdi va janubga qarab harakatlanishni boshlashdi. Bir necha oydan keyin isyonchilar janubiy poytaxt Adan ustidan ham nazorat o‘rnatishdi va mamlakat prezidenti Abd Rabbo Hodiy Saudiya Arabistoni poytaxti Er-Riyod shahriga qochib ketdi.

26 mart kuni Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab davlatlari koalitsiyasi isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni boshladi. Bu mamlakatda siyosiy mojarolar tufayli keyingi 1 yildan oshiq vaqt davomida qurbon bo‘lganlar soni 6 ming nafarga yaqinlashgan.