Jahon | 19:05 / 03.01.2016
4954
1 daqiqa o‘qiladi

Mast yo‘lovchi Sheremetevo aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagidagi avtobusni olib qochdi

Mastligi uchun reysga qo‘yilmagan yo‘lovchi Moskva shahridagi Sheremetevo aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagidagi mikroavtobusni olib qochdi.

Bu voqea 3 yanvar kunida 1 yanvarda Rostov viloyatidan kelgan fuqaro ishtirokida ro‘y bergan.

Ma'lum qilinishicha, 24 yoshdagi bu yigit Rostov-na-Donga uchayotgan samolyot bortida o‘zini yomon tuta boshlagach, tushirib qoldirilgan. Bezorini politsiyaga olib ketayotganlarida u samolyot trapidan sakragan va uchish-qo‘nish yo‘lagida turgan mikroavtobusga qarab chopgan. U mikroavtobusni boshqarib, yo‘ldagi shlagbaumni buzib o‘tib, aeroport hududidan chiqib ketgan.

Uni Yaroslavl shossesida qo‘lga tushirishgan va Sheremetevodagi politsiyachilarga topshirishgan. Bu hodisa vaqtida hech kim jabr ko‘rmagan.

Qayd etilishicha, qoidabuzar yetkazilgan moddiy zararni to‘laganidan keyin uyiga qo‘yib yuboriladi. Unga ma'muriy qoidabuzarlik uchun ham jarima qo‘llanadi.