Texnologiya | 17:48 / 04.01.2016
4358
3 daqiqa o‘qiladi

CES 2016 ko‘rgazmasidan nimalar kutilayapti: gap-so‘zlar va namoyish sanalari

CES 2016 ko‘rgazmasi ochilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tishiga qaramasdan, 4-5 yanvar kunlari yetakchi elektronika ishlab chiqaruvchilari har bir yirik hodisadan avval o‘tkazish an'anaga aylanib ulgurgan tadbirlar – ko‘rgazmadan oldingi ko‘rgazmalarni tashkillashtirishni rejalashtirmoqda. Eng kutilayotgan anonslar va CES 2016 da nimalar namoyish etilishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar Phonearena manbasida e'lon qilindi.

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi matbuot anjumani 5 yanvar kuni 45 daqiqa davom etadi. Biroq uning atrofida ko‘plab qiziqarli gap-so‘zlar aylanmoqda. Bir qator axborot manbalari CES 2016 ko‘rgazmasida kompaniya o‘zining yangi Galaxy S7 flagman smartfonini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini tasdiqlagan.

Samsung kompaniyasi bir hafta muqaddam taqdim etilgan Samsung Galaxy A9 namoyishini ham o‘tkazishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, kompaniya o‘zining Samsung Pay to‘lov tizimini ham havola etishi mumkin. Dasturchilarning va'da qilishicha, mazkur tizim nafaqat NFC chiplari o‘rnatilgan smartfonlar, balki arzonroq byudjyet qurilmalaridan ham ishlashi lozim.

LG esa CES 2016 ko‘rgazmasida yangi istiqbolli smartfonlarini taqdim etadi. 2014 yil so‘ngida G Flex 2 namoyish etilgan bo‘lsa, joriy ko‘rgazmada G Flex 3 taqdimoti o‘tkazilishi ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, kompaniya idish-tovoqlarda suv dog‘ini qoldirmaydigan idish yuvish mashinasi va WebOS 3.0 bazasidagi televizorlarni ham namoyishga qo‘ymoqchi.

Sony kompaniyasi esa CES 2016 ko‘rgazmasida 6,44 dyuym va 2160x3840 piksel sig‘imiga ega Xperia Z5 Ultra smartfonini havola qilishi kutilmoqda. Ushbu smartfonning kamerasi 23 megapikselni tashkil etadi.

Xitoyning Huawei kompaniyasi esa ko‘rgazmada eng kamida Huawei Mate 8 smartfonini namoyish qiladi. Mazkur smartfon 6 dyuymli ekran, HiSilicon Kirin 950 protsessori va 3-4 GB operativ xotira, shuningdek, 16 Mp.li Sony IMX298 kamerasi bilan ta'minlanadi.

Xitoyda faoliyat ko‘rsatuvchi yana bir yirik kompaniya – Lenovo esa bir vaqtning o‘zida bir nechta smartfon, planshet va noutbuklarini taqdim etmoqchi. Biroq uning aynan qaysi mahsulotlar bilan ishtirok etishi noma'lum.

Asus kompaniyasi ham hech bo‘lmasa bitta smartfon bilan ishtirok etmoqchi. Katta ehtimol bilan u CES 2015 vaqtida namoyish etilgan muvaffaqiyatli Asus ZenFone 2 smartfonining yangilangan namunasini taqdim etadi.