O‘zbekiston | 21:49 / 04.01.2016
4492
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanmoqda

Guliston shahri aholisi Sirdaryoning chap qirg‘og‘idagi “Dehqonobod” mintaqalararo suv uzatish stansiyasi va qisman Shimoliy va Janubiy yerosti manbalaridan olinayotgan ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Bu hadqa O‘zA xabar bermoqda.

Inshootlar sutkasiga 30 ming kub metr toza ichimlik suvi yetkazib berish quvvatiga ega. Biroq 30 kilometr masofadan suv yetkazib beruvchi “Dehqonobod” stansiyasi ta'mirtalab holga kelib, 22 yerosti qudug‘ining 7 tasi ishlamay qolgani oqibatida shahar aholisining suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishda muammolar yuzaga kelayotgan edi.

Inshootlarni qurishdan avval yerosti muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish zarurati suv uzatish tarmoqlarini ishga tushirishni tezlashtirishni taqozo etmoqda. Turar-joy va boshqa inshootlar, ko‘cha va yo‘llar qurilishini reja asosida belgilangan muddatda bitirish ham yerosti ishlarining bajarilishiga bog‘liq. Shuning uchun suv qurilishi inshootlarida ish ikki smenada tashkil etilgan.

Shaharning bosh rejasiga muvofiq, Shimoliy suv to‘plash inshootini rekonstruksiya qilish, “Dehqonobod” suv to‘plash inshootidan Shimoliy suv to‘plash inshootiga 38 kilometr uzunlikda yangi uzatish quvuri tortish ishlari jadal olib borilmoqda. Yaroqsiz holga kelgan 130 kilometrli suv uzatish tarmog‘ini yangilash, 55 kilometr yangi uzatish tarmog‘i qurish, suv to‘plash inshootlarini rekonstruksiya qilish, eskirgan nasos va ularning qismlarini almashtirish belgilangan muddatlarda bajarilayotir.