Jahon | 10:56 / 06.01.2016
4694
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Janubiy Koreya KXDRning vodorod bombasini sinovdan o‘tkazishini qoralab chiqdi

AQSh ma'muriyati Shimoliy Koreya vodorod bombasini sinovdan o‘tkazgani haqidagi axborotni ayni paytda komil ishonch bilan tasdiqlay olmaydi, ammo Pxenyanning BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining buzishini keskin qoralaydi. Bu haqda Oq Uy Milliy xavfsizlik kengashining rasmiy vakili Ned Prays ma'lumot berdi.


“AQSh Koreya yarim orolida, KXDR yadroviy poligoni atrofida seysmik faollik kuzatilayotganidan boxabar. Biz vaziyatni kuzatmoqdamiz va uni boshqa mintaqaviy sheriklar bilan yaqindan baholashda davom etmoqdamiz”, - uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.

O‘z navbatida, Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lim Sun Nam TIV xodimlari bilan o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilish chog‘ida shimoliy qo‘shnilarni qattiq tanqid ostiga oldi.

“Shimoliy Koreyaning navbatdagi provokatsiyasi – BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi talablarining buzilishi hamda xalqaro miqyosdagi tinchlik va barqarorlikka tahdid”, - ta'kidladi u.

Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini to‘plab, qo‘shinlar tayyorgarligini muhokama qilishga ko‘rsatma berdi.