O‘zbekiston | 15:29 / 08.01.2016
3999
2 daqiqa o‘qiladi

2015 yilda BSRJ hisobidan xalqaro musobaqalarda ishtiroki ta'minlangan 479 yosh sportchi 314 medal bilan qaytdi

Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi yoshlarimizning jahon maydonlarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi, xalqaro miqyosda Vatanimiz nufuzining yanada oshishi yo‘lida o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

2015 yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Xitoy, Italiya, Fransiya, Portugaliya, Bolgariya, Yaponiya, Gretsiya, Chexiya, Rossiya kabi 24 ta davlatda bo‘lib o‘tgan 53 ta nufuzli xalqaro sport musobaqalarida 479 nafar iqtidorli yoshlarning ishtiroki ta'minlandi.

Sportning 27 turidan qatnashgan o‘quvchilarimiz umumiy hisobda 314 ta, shundan 140 ta oltin, 83 ta kumush, 91 ta bronza medallarni qo‘lga kiritishdi. Quvonarlisi, o‘tgan yilga nisbatan oltin medallar soni 14 taga ko‘paygan.

Ma'lumot uchun, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2002 yil 24 oktabrda tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1922 ta sport inshooti barpo etilgan, 5369 nafar iqtidorli o‘quvchilarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ta'minlangan.
Bahodir MAMATNAZAROV,

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi sport ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i