Jahon | 15:36 / 08.01.2016
4462
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya TIV rahbari Seulni xotirjamlikka chaqirdi

Britaniya TIV rahbari Filip Xammond bugun, 8 yanvar kuni KXDR hududiga tashviqot eshittirishlarini uzatishni boshlagan Janubiy Koreyani xotirjamlikka chaqirdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar qildi.

“Biz Janubiy Koreyani vazmin bo‘lishga chaqiramiz”, - dedi vazir Yaponiyaga tashrifi chog‘ida.Eslatib o‘tamiz, 8 yanvar kuni Pxenyan yadro sinovi o‘tkazganiga javob sifatida KXDR chegarasida ovoz kuchaytirgichlar yordamida tashviqot eshittirishlarini uzatishni boshladi.

Ryonhap agentligining xabariga ko‘ra, tashviqot mahalliy vaqt bilan 12.00 da 11 dona ovoz kuchaytiruvchi karnaylar yordamida eshittirila boshlandi.

Ayni paytda Janubiy Koreya KXDRga qaratilgan tashviqot karnaylari o‘rnatilgan hududlarda harbiy xizmatchilar tayyorgarligini eng yuqori darajaga ko‘tardi. Ryonhap agentligining ma'lum qilishicha, Janubiy Koreya shu maqsadda chegara hududiga tankka qarshi raketalar va o‘ziyurar K-9 gaubitsalarini ham joylashtirgan.

6 yanvar kuni esa Shimoliy Koreya o‘zining ilk vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini ma'lum qilgan edi. Halqaro hamjamiyat, jumladan, yadro quroliga ega davlatlar Pxenyanning harakatlarini muhokama qilib, o‘z xavotirini bildirgan edi.

Biroq ko‘pchilik mutaxassislar portlash keltirib chiqargan yer silkinishi magnitudasining pastligi sababli shimolliklarning vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini shubha ostiga olmoqda.