Jahon | 10:18 / 08.01.2016
5617
1 daqiqa o‘qiladi

OAV: Terrorchilar Yevropaning yirik shaharlarida navbatdagi teraktlarni sodir etish bilan tahdid qilishdi

"Al-Qoida" terrorchilik tashkiloti Italiyaning Neapol va Rim hamda Ispaniya poytaxti Madrid shahrida teraktlar sodir etish bilan tahdid qilingan videosini tarqatgan. Bu haqda Europa Press agentligi xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, videoda Malidagi jangarilar guruhi vakili, kelib chiqishi ispaniyalik, Shimoliy Afrikadagi Melili anklavida (Marokash bilan chegarada) tug‘ilgan Abu al-Nur al-Andalusiyning chiqishi ham bor.

Ispaniyadagi maxsus xizmatlar ayni vaqtda bu videoni diqqat bilan o‘rganishmoqda.

Ma'lumot uchun, keyingi bir necha yil ichida Ispaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan 130 nafarga yaqin kishi Afrika va Osiyo hududidagi jangarilar safiga borib qo‘shilgan. 2015 yil davomida Ispaniyada 100dan ortiq kishi jangarilar bilan aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan. Keyingi 4 yil ichida bunday kishilarning umumiy soni 175 kishini tashkil etgan.