Jamiyat | 11:20 / 08.01.2016
5855
2 daqiqa o‘qiladi

Qrim muftiyati: qrimtatarlarini sun'iy ravishda hokimiyatga qarshi kurashga ko‘tarishmoqda

Ukrainada o‘rnashib olgan ayrim manfaatdor guruhlar qrimtatarlarini sun'iy ravishda Qrim yarim orolining amaldagi hokimiyatiga qarshi qo‘ymoqda, bu bilan ular etnoslararo hamda diniy nizolarni keltirib chiqarmoqchi. Bu haqda Qrim musulmonlari diniy boshqarmasi bayonot tarqatdi.

“Din xodimlari, Qrim respublikasi va Sevastopol shahri musulmonlari diniy boshqarmasi kengashi a'zolari Ukrainada turib olib faoliyat yuritayotgan ayrim shaxslarning qrimtatar xalqini go‘yoki “kurash” uchun ko‘tarayotgani munosabati bilan o‘z tashvishini bildirdi. Bu bilan ular qrimliklar jamiyatida diniy va milliy nizolarni keltirib chiqarmoqchi”, - deyiladi muftiyatning xabarida.

Xususan, Mustafo Jamilev va Refat Chubarov boshchiligidagi guruhlar qrimtatarlarni ko‘chalarga chiqishga, Rossiya anneksiyasiga qarshi kurashishga yoxud Qrimni tark etib, Ukrainaning qo‘shni Xerson viloyatida tuzilayotgan harbiy guruhlarga kelib qo‘shilishga chorlamoqda. Shu bilan bog‘liq ravishda qrimtatar ruhoniylari aholiga murojaat qilib, ekstremistik chorlovlarga quloq tutmaslikka chaqirdi.