Jamiyat | 11:48 / 08.01.2016
8180
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya matbuoti Toshkentdagi poing ustalariga e'tibor qaratdi

RIA Novosti agentligi Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan poing san'ati ustalari haqida maqola chop etdi.“O‘zbekiston poytaxtining markaziy tumanlaridan biridagi Pushkin maydoni har yakshanba oqshomida o‘ziga xos yorug‘likka to‘ladi, - deyiladi materialda. – Bu yerda, rus shoiri haykali soyasida, yaqindan buyon poysterlar – olov tillarini badani va qo‘llaridan o‘tkazadigan ustalar guruhi tomosha ko‘rsatib kelmoqda”.

Poing, ya'ni poylarni (olovli sharlarni) aylantirish san'ati Yangi Zelandiya aborigenlarida vujudga kelgan, u yerdan esa Yevropaga va Osiyoga tarqagan. Bu aslida maori qabilasining an'anaviy raqs san'atiga kiruvchi detaldir. XX asr o‘rtalarida u butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Poing bilan shug‘ullanuvchilar poyster deb ataladi.
Toshkentda vujudga kelgan poysterlar guruhiga, materialda aytilishicha, Ra'no Makarenko boshchilik qilib kelmoqda.

“Birinchi bor poylarni aylantirish san'ati bilan 2009 yili Vetnamda tanishdim, biz u yerda erim bilan to‘y sayohatida edik, - deydi ayol. – Sinab ko‘rmoqchi edim, meni bajonidil bu san'atga o‘rgatishdi. Shundan buyon shug‘ullanib kelaman”.
Makarenkoning fikricha, poing bu o‘ziga xos alifbo bo‘lib, “uning yordami musiqa va harakat uyg‘unligidagi so‘zlar va jumlalarni yaratish mumkin”.