Jahon | 21:50 / 08.01.2016
8591
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda buldozer kasalxonani ichidagi odamlari bilan birga vayron qildi

Xitoyning Chjenchjou shahrida buldozer kasalxona va unga yondosh o‘likxonaning bir qismini vayron qildi.

Voqea oqibatida kasalxonaning bir necha xodimi jabr ko‘rdi, 20 mln yuanlik (3 mln dollardan ko‘proq) asbob-uskunalar shikastlandi. Bundan tashqari, vayronalar tagida o‘likxonadagi 6 ta jasad ham qolib ketdi.

Ta'kidlanishicha, mahalliy hokimiyat kasalxona hududi hisobiga uning yonidan o‘tuvchi yo‘lni kengaytirmoqchi bo‘lgan va uni bir yil avvaloq buzishni rejalashtirgan. Kasalxonaning bir qism bo‘limlari yangi joyga ko‘chib o‘tgan, biroq ba'zilari ishlashda davom etgan. Kasalxonada ishlayotgan xodimlar binoning buzilishi haqida ogohlantirish olishmagan.

Mahalliy hokimiyat vakillarining ta'kidlashicha, kasalxona xodimlari buzish haqida ogohlantirish olishgan. Bundan tashqari, ularning aytishicha, ishchilar kasalxonani buzishdan avval uni ko‘zdan kechirib chiqishgan.