Texnologiya | 19:08 / 09.01.2016
8174
3 daqiqa o‘qiladi

Samsung’ning CES 2016da taqdim etgan yangiliklari

Samsung kompaniyasi Las-Vegasda o‘tayotgan CES 2016 ko‘rgazmasida bir qator yangi uskunalarni namoyish qildi. Quyida ularga qisqacha to‘xtalamiz.

Galaxy TabPro S Windows 10 negizida ishlaydigan, klaviaturali g‘ilofga ega planshetdir. Texnik tavsifi: 12 dyuymli 2160×1440 piksel yechimli Super AMOLED ekrani, Intel Core M protsessori, 4 GB RAM, 128 yoki 256 GB xotira, ikkita 5 megapikselli kamera, Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac MIMO, Wi-Fi Direct, LTE, NFC, Bluetooth 4.1 modullari, HDMI va USB Type-C uchun adapter. Planshet vazni 693 grammni, korpus qalinligi 6.3 mm ni tashkil qiladi. Galaxy TabPro S qachon sotuvga chiqarilishi, narxi necha pul bo‘lishi noma'lum.

Notebook 9 seriyasiga 13.3 va 15 dyuym diagonalli FullHD-ekranlariga ega ikkita noutbuk kirdi. Ikkalasi ham Windows 10da ishlaydi, shuningdek, oltinchi avlod Intel Core protsessorlari, 8 GB RAM va 256 GB gacha xotira bilan ta'minlangan.

Chromebook 3 Samsung kompaniyasining yangi xrombukidir. U11,6 dyuym diagonalli, 1366×768 piksel yechimli ekran, Intel Celeron N3050 protsessori, 2 yoki 4 GB RAM hamda 11 soat ishlay oladigan akkumulyator bilan ta'minlangan. Uning narxi ham ma'lum emas. Xrombukning ilgarigi modeli 400 dollar turadi.

UBD-K8500 Blu-ray disklarini o‘quvchi pleyer bo‘lib, 4K yechimini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha bunday uskunalar uchun yetarli kontent yo‘q, ammo Twentieth Century Fox studiyasi 2016 yilda 30ta eski filmni shu yechimda qaytadan chiqarishga va'da bermoqda. Pleyer mart oyida sotuvga chiqariladi.

Samsung Gear S2 soatlarining ikkita yangilangan versiyasini taklif qilmoqda: ulardan birining korpusiga tilla suvi yuritilgan, fil suyagi rangidagi teri tasmaga ega bo‘lsa, ikkinchisining korpusi platina bilan qoplangan, teri tasmasi esa qora rangda.

Family Hub Fridge fotokameralar hamda Gorilla shishasi bilan himoyalangan ulkan ekranga ega muzlatkichdir. U Tizen bazasida ishlaydi, har zamonda muzlatkich ichini suratga oladi (bu haqdagi ko‘rsatmani smartfon orqali bersa ham bo‘ladi), shuningdek, internet orqali kerakli mahsulotlarni buyurtma qiladi. Muzlatkich kolonkalarga ham ega bo‘lib, u orqali musiqa eshitish mumkin. Family Hub Fridge narxi 5 ming dollardir; u may oyida sotuvga chiqariladi.