Jahon | 12:48 / 09.01.2016
6363
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoy milliy domeni Germaniyanikidan o‘zib ketib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi

Xitoy milliy internet domeni .cn Germaniyaning .de domenidan o‘zib ketib, dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda CNNIC (Xitoy internet tarmog‘i axborot markazi) ma'lumotlariga tayangan holda Sinxua agentligi xabar bermoqda.

Ayni paytda .cn tizimida 16.36 mln foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. CNNIC rahbarining so‘zlariga ko‘ra, domen “foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilishga, onlayn o‘g‘riliklar, fishing va qalloblikni kamaytirishga qodir”.

2009 yildan buyon domen zonasida ro‘yxatga olish faqat rasmiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Domendan nafaqat davlat korxonalari va mahalliy kompaniyalar, balki Apple, Samsung, Microsoft, Amazon singari transmilliy kompaniyalar ham foydalanadi.

Aytib o‘tish kerakki, 16.36 mln ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi milliy domenlar ichidagi rekorddir; .com domeni foydalanuvchilari soni bundan bir necha marta ko‘proqdir.