Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ford qor qoplangan yo‘llarda avtomatik rejimda yurishni o‘rgandi
Haydovchisiz yo‘l bosadigan mashinalar odatda qorli yo‘llardan o‘tishga qiynaladi, negaki qor datchiklarga ma'lumot olishga xalaqit beradi. Ammo Ford mashinalari bunday to‘siqlarni xaritalar yordamida chetlab o‘tishni o‘rgandi. Bu haqda Wired nashri xabar bermoqda.
Lidar va radar yordamida avtomobillar nafaqat chiziqlarni, balki unga xalaqit beruvchi jihatlarni ham qayd qilib borib, avtonom tarzda harakatlanadi. Ular bilan uyg‘unlikda yo‘l belgilarini taniydigan videokameralar ishlaydi.
Shunga qaramay, hozircha qor masalasi butunlay hal qilingan deb bo‘lmaydi. Qor ko‘p bo‘lganida odamlar boshqa mashinalar harakati yoki yo‘l chetidagi chiziqlarga qaraydi, Ford esa o‘z mashinalarini yuqori detalizatsiyalangan 3D-xaritalardan foydalanishni o‘rgatdi.
Ushbu xaritalarda xavfsiz yo‘l bosish uchun zaruriy bo‘lgan barcha axborot jamlanishi ta'kidlanmoqda.
“Biz qor sharoitida ham risoladagidek yurish yo‘lini topdik, - dedi Ford’ning avtomatik boshqariladigan mashinalari tadqiqotlari rahbari Jim Makbrayd. – Biz yo‘l ustidagi hamma narsani ko‘ra olamiz, biz buni xaritada tekshiramiz, xarita esa chiziqlar va qoidalar haqidagi barcha ma'lumotlarga ega”.
Bunday tizim asosida ishlaydigan mashinalar Mcity nomli maxsus shaharda (Michigan) sinovdan o‘tkazildi. Ford bunday trassalarda mashinalari muvaffaqiyat qozonganini bayon etgan birinchi kompaniya bo‘ldi.