Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kyolnda noma'lum jinoyatchilar osiyolik muhojirlarga hujum qildi
10 yanvar kuni Germaniyaning Kyoln shahrida osiyoliklarga nisbatan bir qancha hujumlar sodir etildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar qildi.
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, yigirma kishidan iborat guruh olti nafar pokistonlikka hujum qilgan, natijada ularning ikkisi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinroq esa dpa agentligi besh nafar noma'lum shaxsning 39 yoshli Suriya fuqarosiga tashlangani to‘g‘risida xabar tarqatdi. U hujum natijasida yengil tan jarohatini oldi. Hozircha mazkur ikki hujumning o‘zaro bog‘liq ekani to‘g‘risida ma'lumotlar yo‘q.
Kyolnning Express xabariga ko‘ra, rokerlar guruhi va futbol bezorilari Facebook ijtimoiy tarmoq orqali Kyoln markazida odamlarga qarshi “ov” uyushtirishga kelishib olishgan. Politsiya vakili ushbu jinoyatlar ksenofobiya (diniy, irqiy va milliy adovat, ko‘rolmaslik) natijasida sodir bo‘lganmi, degan savolga javob berishdan bosh tortgan.
Bundan tashqari, nemis OAVda Leyptsig va Gamburgda muhojirlar tomonidan jinsiy tegajog‘liklar sodir etish bo‘yicha yangi holatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, suriyalik va afg‘onistonlik qochqinlar Puttgarden (Shlezvig-Golshteyn)dagi parom stansiyasida kelib chiqishi yaxudiy bo‘lgan 49 yoshli fransuz tadbirkoriga hujumi haqida xabar qilindi.
Jinoyatchilar avvaliga tadbirkorni haqorat qilib, so‘ngra uni oyoq bilan tepkilashgan va hamyoni hamda mobil telefonini olib qo‘yishgan. Ular Noymyunsterdagi qochqinlar uchun vaqtinchalik joylashuv markaziga yo‘l olganida poyezdda qo‘lga olingan.