Jahon | 14:26 / 11.01.2016
11975
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Filippinda IShID xalifaligi tuzildi

Filippinning Mindanao orolida mahalliy jangari guruhlar IShIDga bay'at qilib va yangi xalifalik tuzishgani haqida e'lon qilishdi. Bu haqda The Australian nashri xabar tarqatgan.

Nashrga joylashtirilgan videolavhada aytilishicha, Filippindagi jangari guruhlarning 4ta guruhi rahbarlari IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qasamyod qilishgan.

Qayd etilishicha, bu videolavha o‘tgan haftaning juma kunida internetga joylashtirilgan va ko‘p vaqt o‘tmasdan olib tashlangan.

"Suriyaga kirib borishi cheklangan yangi yollanganlar endilikda Filippinda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, keyin Avstraliyaga hujumlar uyushtirishadi", deyilgan xabarda.

Siyosiy zo‘ravonlik va terrorizm masalalari bo‘yicha xalqaro markaz direktori Rohan Gunaratnaning aytishicha, Filippindagi bu 4ta guruh rasmiy Manilaning nazoratidan tashqarida harakatlanadi.

Gunaratnaning ogohlantirishicha, "IShIDning yangi viloyati"ni "Abu Sayyaf" nomli guruh rahbari Isnilon Xapilo boshqaradi va u Avstraliya hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo uchun jiddiy xavf soladi.

Avstraliyalik siyosiy sharhlovchi Greg Bartonning fikricha, Filippindagi voqealar IShID jangarilari strategiyasi o‘zgarganidan dalolatdir. Uning fikricha, jangarilar Suriya va Iroqni egallashda jiddiy qarshilikka duch kelishgach, o‘z faoliyatlari uchun yangi hudud axtarishmoqda.