O‘zbekiston | 16:01 / 12.01.2016
3800
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatida 2015 yilda 827,7 ming tonna meva-sabzavot yetishtirildi.

2015 yilda Jizzax viloyatida 100 ming tonnadan ziyod meva, 50 ming tonnaga yaqin uzum, 360 ming tonnadan ortiq sabzavot, 240 tonna poliz mahsulotlari, jami bo‘lib 827,7 ming tonna meva-sabzavot yetishtirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– 2016 yilda meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni eksport qilish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi, – deydi Jizzax viloyati hokimligi iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i Tohir Abdunazarov. – Unga ko‘ra, joriy yilda 977,3 ming tonna meva-sabzavot, poliz, kartoshka va uzum yetishtirish rejalashtirilgan.

Shundan 45,8 ming tonna meva-sabzavot eksport qilinadi. Buning uchun 2016 yilda 14,5 ming gektar maydonda sabzavot, 8,5 ming gektar maydonda poliz mahsulotlari, 3,1 ming gektar yerda kartoshka yetishtiriladi. 13,6 ming gektar bog‘ va 4,9 ming gektar tok qator oralarining 6,2 ming gektariga sabzavot ekiladi.

2016 yil uchun tuzilgan mazkur dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga o‘tgan yilning kuzidan boshlab kirishildi. Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning noyabr-dekabr oylarida 2 ming 450 gektardan ortiq maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bunday usulda ekilgan sabzavot urug‘i erta ko‘klamda barvaqt unib chiqadi, tez rivojlanadi. Urug‘ ekilgan egatlar ustiga mahalliy o‘g‘it, qipiq tashlansa yoki plyonka bilan qoplansa, nihol yanada tez o‘sadi. Natijada ushbu ekinlar erta bahorda ekilganiga qaraganda 30-40 kun oldin yetiladi. Hosildorlik 15-20 foiz ortadi.

Mavjud 13 ming 551 gektar bog‘ning 13 ming 85 gektari qator orasi haydalib, sug‘orildi, mahalliy o‘g‘it va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi. Ayni paytda bog‘larda zararkunanda hasharotlarga qarshi ishlov, daraxtlarga shakl berish ishlari davom ettirilayotir.