O‘zbekiston | 15:45 / 12.01.2016
4830
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy harbiy bojxona institutida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Oliy harbiy bojxona institutida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab «Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!» shiori ostida «Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, iftixorimiz» mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ma'naviyat targ‘ibotchilari, institut professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.

Oliy harbiy bojxona instituti boshlig‘i S.Abduxalilov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani, harbiy qism va ta'lim muassasalarida barcha zarur sharoitlar yaratilganini ta'kidladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ham davlatimiz xavfsizligini ta'minlash, uning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda davlat xazinasiga bojxona to‘lovlarini undirish kabi muhim vazifalarni bajarmoqda. Bojxona postlarining moddiy-texnik ba'zasi mustahkamlanib, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Postlarni nazorat vositalari bilan jihozlash, xodimlarning xizmat faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, sidqidildan xizmat qilayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirishga alohida e'tibor berilmoqda.

Bojxona tizimi faoliyati samaradorligi, uning muntazam takomillashib borishi ko‘p jihatdan kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Bojxona ishini jahon andozalari darajasida tashkil etishning muhim shartlaridan biri yuqori malakali bojxona xodimlarini tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirish tizimini tubdan yaxshilashdir.

Tadbirda institutda samarali faoliyat ko‘rsatgan bojxona xizmatchilari hamda faxriy o‘qituvchilar rag‘batlantirildi. Institut tinglovchilarining harbiy-vatanparvarlik mavzuidagi chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
N.NASRIYeV, O‘zA muxbiri