Jahon | 21:23 / 12.01.2016
6755
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya bosh vaziri Istanbuldagi portlash ijrochisi IShID a'zosi bo‘lganini aytdi

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li brifing vaqtida Istanbulda sodir etilgan terakt ijrochisining shaxsi tasdiqlanganini, u IShID a'zosi bo‘lganini aytgan.

U shuningdek, terakt qurbonlarining barchasi xorijlik sayyohlar ekanini ma'lum qilgan.

"Portlash 1988 yilda Suriyada tug‘ilgan hudkush-terrorchi tomonidan amalga oshirilgani isbotlandi. Bu ma'lumot hodisa joyida olingan uning tana bo‘laklari orqali aniqlandi.

Yana bir bor ta'kidlaymanki, endi Turkiya jangarilarga qarshi yanada jiddiyroq kurash olib boradi", — dedi bosh vazir SNN Turk telekanali orqali.

Bugun mahalliy vaqt bilan soat 11:20da Istanbul shahrining Sultonahmad tumanidagi maydonda terrorchi o‘zini portlatishi tufayli 10 kishi halok bo‘ldi va 15 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlarning 9 nafari germaniyalik sayyohlar bo‘lishgan. Shuningdek, bu teraktda Norvegiya hamda Peru fuqarolari bo‘lgan sayyohlar jabrlangan.

Portlash sodir etilgandan ko‘p vaqt o‘tmay, terraktga doir har qanday turdagi ma'lumot: xabar, intervyu, tanqid va shu kabi maqolarlar davriy nashrlar, televideniye, radio, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi Turkiya hukumati tomonidan taqiqlab qo‘yildi. Hukumat qarori e'lon qilingan paytdan boshlab kuchga kirgan, bu haqda barcha turk OAVlari ogohlantirilgan.