Jamiyat | 16:24 / 13.01.2016
5424
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda politsiyaga selfisini jo‘natgan qidiruvdagi jinoyatchi qo‘lga olindi

Huquq himoyachilari e'lonidagi suratidan norozi bo‘lib o‘z selfi fotosuratini yuborgan jinoyatchi Amerika politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Fox News.

Donald Chip Pyu (Donald Chip Pugh) Lima shahri (Ogayo shtati) politsiyasiga kostyum va ko‘zoynakda tushgan selfisini politsiya avvalroq e'lon qilgan fotosurati o‘rniga qo‘yish uchun yuborganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketdi. Unga: “Mana bu surat anavi dahshatlisiga qaraganda yaxshiroq”, - deya izoh bergan edi.

Mahalliy politsiya yangi suratni tarqatib, Pyuga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi va unga nisbatan ilgari surilgan ayblovni muhokama qilishga chaqirdi. 45 yoshli jinoyatchi erkak Florida shtatining Alabama shtati chegarasida yaqinidagi Senchuri munitsipalitetida joylashgan kutubxona eshigi oldida qo‘lga olindi.

Pyu 2015 yilning 28 dekabr kuni Ogayo shtati sudiga kelishi lozim edi. Unga nisbatan mast holatda avtomobil boshqarish aybi qo‘yilgandi.