Jahon | 21:37 / 13.01.2016
10776
1 daqiqa o‘qiladi

Emomali Rahmon Tojikistonga umrbod prezidentlik qilishi mumkin

Tojikiston parlamenti muhokama qilayotgan konstitutsion o‘zgartishlarga muvofiq, amaldagi prezident Emomali Rahmon ushbu lavozimni umrbod egallab turishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Asia Plus nashri xabar bermoqda.

Ayni paytda, konstitutsiyaga muvofiq, bir kishi ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylana olmaydi, ammo qonun loyihasi mualliflari kiritmoqchi bo‘lgan o‘zgartishga ko‘ra, bu qoida Millat peshvosiga daxldor bo‘lmaydi.

“Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘zda tutilgan cheklovlar Tinchlik va birdamlik asoschisi – Millat peshvosiga tegishli emas, - deyiladi loyiha matnida. - Tinchlik va birdamlik asoschisi – Millat peshvosining huquqiy maqomini konstitutsion qonun belgilab beradi”.

Agar bu o‘zgartish tasdiqlansa, Rahmon 2020 yildagi prezidentlik saylovlarida ham ishtirok eta oladi.