Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi tahrirdagi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunda qanday o‘zgarishlar bor? (intervyu)
Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta'minlashda muhim omil bo‘layotir.
2016 yil 5 yanvarda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda XO‘JAYeVA bilan ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yuzdan ziyod farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. O‘ttizga yaqin korxonada xalqaro sifatni boshqarish tizimi joriy etilgan. Sohaga yo‘naltirilayotgan chet el investitsiyalari hajmi yildan-yilga ortib, xalqimizni sifatli dori bilan ta'minlash, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz farmatsevtika sanoati ichki bozorning uchdan bir qismini mahalliy dori vositalari bilan ta'minlamoqda. Farmatsevtika korxonalari tomonidan 90 farmakoterapevtik guruhlarga mansub 1700 dan ziyod dori vositasi ishlab chiqarilmoqda.
Farmatsevtika sanoati izchil taraqqiy etayotgani, dori vositalari muomalasi, ulardan tibbiyotda foydalanish jarayonlarida ko‘plab yangiliklar yuzaga kelayotgani sohadagi qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etdi. Shu maqsadda deputatlar hamda ekspertlar, olimlar va mutaxassislardan tuzilgan qonun ijodkorlari tomonidan rivojlangan mamlakatlarning ushbu yo‘nalishdagi qonunchiligi puxta o‘rganildi. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda orttirilgan ilg‘or tajribalar atroflicha tahlil etildi va shu asosda qabul qilingan yangi tahrirdagi qonunda ko‘plab yangi me'yorlar joriy etildi.
Qonunda asosiy tushunchalar umume'tirof etilgan me'yorlardan kelib chiqib takomillashtirildi va zamonaviy tibbiyotda ishlatilayotgan yangi tushunchalar bilan boyitildi. «Nojo‘ya reaksiya» degan tushuncha bunga misol. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalari oqibatida sodir bo‘lgan o‘lim o‘lim holatlari orasida 4-o‘rinni egallaydi. Shu bois bunday muammoga qarshi kurashishning maqbul yo‘llarini topish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘z vaqtida ma'lumot yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu faoliyatning qonuniy asoslarini yaratish maqsadida qonunchilikka «nojo‘ya reaksiya» tushunchasi kiritilib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga dori vositalarining nojo‘ya ta'sirini aniqlash, baholash va oldini olish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish vazifasi yuklandi. Bu sog‘liqni saqlash tizimida, sohaga aloqador barcha yuridik shaxslar bilan qonuniy ish olib borish, nojo‘ya reaksiyalarni o‘z vaqtida aniqlash va inson salomatligini saqlash yo‘lida tegishli qarorlar qabul qilish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohasidagi vakolatlari ham aniq va batafsil yoritib berildi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari, tibbiy buyumlar muomalasi, ushbu faoliyatni texnik jihatdan tartibga solish, dori vositalari, tibbiy buyumlar xavfsizligiga taalluqli me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash kabi bir qator dolzarb vazifalarga doir vakolatlari kengaytirildi. Dori vositalarining sifati va xavfsizligi, farmatsevtika faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishi belgilandi. Bundan maqsad inson salomatligini muhofazalashga oid chora-tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish, dori vositalarining xavfsizligi va samaradorligini ta'minlash, qalbakilashtirilgan dori vositalari tarqalishining oldini olishdir.
– Yangi qonunda dori-darmon ishlab chiqarish sanoati va ta'minoti sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan qanday yangiliklar joriy etilgan?
– Yurtimizda dorixonalar tarmog‘i ham rivojlanmoqda. Dorixonalarning aksariyati xususiy tarmoq ulushiga to‘g‘ri kelayotgani bu sohada tadbirkorlik jadal rivojlanayotganidan dalolat. Bugungi kunda zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan dorixonalar xalqimizga samarali xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu maskanlarning inson salomatligini asrashdagi ahamiyati e'tiborga olinib, qonunga «Dorixona» deb nomlangan modda kiritildi. Ushbu moddada dorixonaning vakolatlari, uni boshqarish, faoliyatiga qo‘yilgan shartlar va ularni nazorat qilish bilan bog‘liq me'yorlar o‘z ifodasini topdi.
Ma'lumki, qonunchiligimizda dorixonaning tashkiliy tuzilmasi «muassasa» tushunchasiga to‘g‘ri kelardi. Muassasa deganda davolash-profilaktika muassasalarining byudjyet hisobidan faoliyat ko‘rsatuvchi dorixonalari tushunilardi. Binobarin, mazkur holat xususiy tadbirkorlik yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan edi.
Shuni hisobga olgan holda, dorixona dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish, ularni tayyorlashni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxs va uning bo‘linmasi shaklida tashkil etilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Endilikda oziq-ovqatlarga qo‘shiladigan biologik faol moddalar, sanitariya-gigiyena predmetlari, shifobaxsh oziq-ovqatlar, ma'danli suv va davolash-kosmetika mahsulotlari dori vositalari qatoriga kiritilmaydi. Bu me'yor ushbu mahsulotlarning dorixonalar bilan bir qatorda savdo majmualarida ham sotilishiga zamin yaratadi.
– Yangi qonunga muvofiq, dorixonalarni qanday mutaxassislar boshqarishi mumkin?
– Shu kungacha dorixonalarni faqat oliy ma'lumotli farmatsevt boshqarishiga ruxsat berilar edi. Mamlakatimizda o‘rta maxsus ta'lim tizimining rivojlanishi bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Chunki ayni paytda tibbiyot kollejlarida sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishi bilan bir qatorda farmatsevtika sohasi uchun ham malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Jahon andozalari darajasida ta'lim olgan, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini puxta egallagan bunday mutaxassislarning soha rivojida o‘z o‘rniga ega ekanini hayot ko‘rsatmoqda. Ushbu yoshlarning salohiyatidan samarali foydalanish soha taraqqiyotini belgilovchi muhim mezondir. Shu jihatlar inobatga olinib, yangi qonun dorixona filiallarida oliy ma'lumotli mutaxassislar bilan birga, o‘rta maxsus ma'lumotli farmatsevt assistentlar ham mudirlik qilishi mumkin, degan me'yor bilan to‘ldirildi.
Qonunga farmakologik yoki dori vositalarini ishlab chiqarish, ushbu vositalarni klinik tadqiqotlardan o‘tkazish bo‘yicha alohida moddalar kiritildi. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash, tashish va yo‘q qilish, ushbu mahsulotlarni yurtimizga olib kirish va olib chiqish tartibi bilan bog‘liq yangiliklar joriy etildi. Bundan maqsad dori vositalarining xavfsizligini ta'minlash, sifati va samaradorligini oshirish, inson salomatligini muhofaza qilish va farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarishni rivojlantirishdir.
Muxtasar aytganda, yangi tahrirdagi qonun mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.