Jahon | 19:30 / 16.01.2016
3128
2 daqiqa o‘qiladi

Burkino-Faso va Mali chegarasida Avstriyaning 2 fuqarosi o‘g‘irlab ketildi

Avstriya fuqarolari bo‘lgan er-xotin shanba kuni kechasi Burkino-Fasoning shimolida, Mali bilan chegara yaqinida o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Reyter agentligi mamlakat xavfsizlik vazirligiga asoslanib xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, bu juftlik mamlakat shimolidagi Barabul tumani hududida yo‘qolib qolgan. Ayni vaqtda ularning o‘g‘irlanishi va poytaxt Uagaduguda amalga oshirilgan terakt orasida bog‘liq-bog‘liqmasligi aniq emas.

Avstriya TIV hozircha bu xabarga munosabat bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvarga o‘tar kechasi "Al-Qoida"ning G‘arbiy Afrikadagi bo‘limi hisoblanmish "Al-Murabitun" guruhi Burkino-Faso shahridagi Splendid mehmonxonasiga hujum uyushtirib, odamlarni o‘ldirdi va garovga oldi. Hujum natijasida 27 kishi halok bo‘lgan. Mamlakat maxsus kuchlari Fransiya harbiylari hamkorligida o‘tkazgan amaliyot natijasida 150 kishi garovdan ozod qilingan va 7 nafar jangaridan iborat guruh yo‘q qilingan.