Jamiyat | 10:41 / 19.01.2016
5934
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik rejissyor «Oskar»ga nomzodlar qatorida qora tanli aktyorlar yo‘qligi uchun mukofotga boykot e'lon qiladi

Amerikalik rejissyor va aktyor Spayk Li «Oskar» mukofotiga nomzodlar qatorida bironta ham qora tanli aktyor yo‘qligi uchun mukofotni boykot qilmoqchi va marosimda ishtirok etmoqchi emas. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasi orqali yozgan.

Li o‘tgan yilning noyabrida o‘ziga «Oskar»ning faxriy mukofoti berilganiga minnatdorchilik bildirgan va fevral oyi oxiridagi taqdimotga u bilan birga rafiqasi Tonya Lyuis Li ham bormasligini ma'lum qilgan.

"Bu qanaqa ish? Ikkinchi yildirki 20 nomzodning barchasi oq tanlilar. 2 yilda 40 nafar oq tanli nomzod", deya yozadi u.

Bundan oldinroq, u Kventin Tarantinoning bir qul tarixi haqidagi "Ozod etilgan Jango" filmida o‘z avlodlari kamsitilganidan norozi bo‘lib fikr bildirgandi.

Yana bir qora tanli aktrisa Jada Pinkett-Smit ham mukofotga boykot e'lon qilgan va 28 fevral kuni o‘tkaziladigan taqdimotga bormasligini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali #OscarsSoWhite ("Shunday oq Oskar") heshtegini trendga chiqarishga harakat boshlangan.

14 yanvar kuni «Eng yaxshi aktyor», «Eng yaxshi aktrisa», «Eng yaxshi rejissyor», «Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor» hamda «Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktrisa» nominatsiyalari bo‘yicha «Oskar» mukofotiga nomzodlar e'lon qilingandi.

88 marta o‘tkazilayotgan «Oskar» mukofoti taqdimoti 28 fevralga belgilangan.