Jamiyat | 17:22 / 20.01.2016
4255
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Xolokost qurbonlari xotirasi kuniga bag‘ishlangan konsert dasturi tashkil etiladi

2016 yilning 27 yanvar kuni Isroil va Germaniya Federativ Respublikalarining O‘zbekistondagi elchixonalari, shuningdek, Yevropa Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Xolokost qurbonlari xotirasi kuniga bag‘ishlangan konsert dasturi tashkil etiladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri ijrosidagi mumtoz musiqalar konserti O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tadi.

Isroil va Germaniya Federativ Respublikalarining O‘zbekistondagi elchixonalarining hamkorlikdagi press-relizida keltirilishicha, Ikkinchi Jahon Urushi boshlanishi bilanoq O‘zbekiston Xolokostdan omon qolgan o‘n minglab yaxudiy millatiga mansub kishilar hamda Yevropadagi yo‘qotishlar va qirg‘inlardan qochgan yuz minglab qochqinlar va evakuatsiya qilinganlar boshpana topgan joyga aylandi. O‘zbekiston xalqi o‘z eshiklarini ochib, qochqinlarga g‘amxo‘rlik qildi, bir burda nonini ular bilan bo‘lishdi. Bu hech qachon unutilmaydi.

Kontsert dasturida Kim Kiyeng (soprano), Kirill Borchaninov (bas), O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi qoshidagi musiqali xor teatr-studiyasi va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Vladimir Neymer ishtirok etadi.
Kontsertda Shostakovich, Uilyams, Kachchini va Boyarskiy ijod namunalari ijro etiladi.