Jamiyat | 21:37 / 21.01.2016
5524
2 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Uill Smit ham “Oskar” boykotiga qo‘shildi

Aktyor Uill Smit ham “Oskar” mukofoti taqdimoti boykotiga qo‘shildi. Hollywood Life nashrining ma'lum qilishicha, aktyor bu haqda “Xayrli tong, Amerika” ko‘rsatuvida ma'lum qildi.

Smitning aytishicha, agar u va uning rafiqasi Jada Pinkett Smit “Oskar” bilan vujudga kelgan mojarodan keyin taqdimotga tashrif buyursalar, unda ular aslida ularni achchiqlantirgan vaziyatga ko‘nganlaridek tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

Smitning ta'kidlashicha, bu holat uning “Himoyachi” filmidagi roli “Oskar”ga qo‘yilmaganiga hech qanday aloqasi yo‘q. Aktyorning aytishicha, agar uning nomzodini “Oskar” mukofotiga da'vogarlar qatoriga qo‘shishganda ham, u baribir taqdimotni mukofot nomzodlari o‘rtasida xilma-xillik yo‘qligi sababli boykot qilgan bo‘lardi.

Avvalroq aktyor va komik Kris Rok “Oskar”ga boshlovchilik qilishdan bosh tortishga chaqirildi.

Smitning rafiqasi ham “Oskar” bilan bog‘liq mojaroga tegishli javob bergani uchun kinoakademiyaga minnatdorchilik bildirgani ma'lum qilingandi.