Jahon | 18:27 / 22.01.2016
7449
5 daqiqa o‘qiladi

Amerika qorbo‘ronlar shtatlariga aylanmoqda

Ayni damda Atlantika okeanning har ikki tomonida qorbo‘ronlari kuzatilmoqda. Meteorologlarning fikricha, o‘tgan 2015 yil kuzatuvlar olib borilayotgan davrdan buyon eng issiq yil bo‘lgan. So‘nggi bir yilda Shimoliy yarim sharda harorat 0,2 darajada isigan. Bu kabi global iqlim o‘zgarishi shu kunga qadar qayd etilmagani tan olinmoqda. Olimlarning fikricha, 2016 yil yanada issiq bo‘lishi mumkin. Qish faslida Yevropa va AQShdagi g‘ayritabiiy qorbo‘ronlarini ko‘rib, yoz faslida kunlar isib ketishiga ishonish mumkin. Atlantika okeanining har ikki qirg‘oqlarida kuzatilayotgan g‘ayritabiiy qorbo‘ronlariga havo oqimi yo‘nalishining o‘zgargani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Yangi yil kirib kelishi bilan AQShning shimoliy-g‘arbiy mintaqalari kuchli qorbo‘ronlari qurshovida qoldi. Mamlakatning nisbatan issiq bo‘lgan Sharqiy sohillarida ham kunlar sovib ketdi. Qorbo‘ronlari yaqinlashayotgani bois AQSh aviakompaniyalari bugun minglab samolyot parvozlarini bekor qildi. United Airlines aviakompaniyasi mamlakatning O‘rtaatlantika mintaqasiga amalga oshirilishi kutilgan barcha parvozlar mahalliy vaqt bilan soat 16.00dan boshlab bekor qilinganini bildirdi. Boshqa - American Airlines, Southwest Airlines va Delta aviakompaniyalari ham xuddi shu kabi yo‘l tutishi aniq. O‘nlab aeroportlar, jumladan Vashington va uning atrofidagi mintaqalarda joylashgan aeroportlar ob-xavo yaxshilangunga qadar parvozlar bekor qilinishi borasida yo‘lovchilarni ogohlantirdi. Bu kabi holatlarda yo‘lovchilar chiptalarini qaytarishlari yoki boshqa kunga almashtirishlari mumkin.

Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, juma va shanba kunlari AQShda kuchli qorbo‘ronlari yuz beradi. Bir qator mintaqalarda 60 santimetrgacha qor yog‘ishi mumkinligi aytilmoqda. Bu kabi hodisa 1922 yildan beri shu kunga qadar kuzatilmagan edi. Eng ko‘p qor Vashingtonga tushadi. Shuningdek, Nyu-York, Filadelfiya, Baltimor va Sharlot shaharlari ham tabiat injiqliklari bilan to‘qnash kelishi kutilmoqda. Vashington meri Myuriyel Bauzer shaxarda dushanbaga qadar favqulodda holat joriy qildi. Virjiniya va Merilend shtatlarida ham shu kabi choralar ko‘rildi.

AQSh milliy gvardiyasi (ichki qo‘shinlari) Virjiniya shtatida yuz beradigan qorbo‘ronlari talofatlarini bartaraf etishga jalb qilinadi. Bu haqda Pentagon rasmiylari bayonot bilan chiqdi. Virjiniyada tabiiy ofatga qarshi Milliy gvardiyaning 500ga yaqin xodimi jalb qilinadigan bo‘ldi. Ular odamlarni xavfsiz joyga olib chiqish, yo‘llarni qulab tushgan daraxtlardan tozalash, jabrdiydalarga oziq-ovqat tarqatish bilan shug‘ullanadilar. So‘nggi bor Milliy gvardiya 2015 yil mart oyida shu kabi ishlarni bajargan edi.

Vashington rasmiylari kuchli qorbo‘ronlari vaqtida shahar metrosi va avtobuslari harakatini vaqtincha to‘xtatish borasida qaror qabul qildi. Vashington transport boshqarmasi e'lon qilgan bayonotda aytilishicha, avtobuslar juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 17.00dan boshlab harakatlarini to‘xtatadi. Metro esa 23.00da berkitiladi. Yo‘llarni qalin qor qoplagani bois transport dam olish kunlari deyarli ishlamaydi. Vashington metropolitenida poyezdlar nafaqat yer ostida, balki yer ustida xam harakatlanadi.

Vashington subtropik mintaqada joylashgan bo‘lib, tez-tez, shu bilan birga kuchli qorbo‘ronlari bo‘lib turadi. Kuchli qorbo‘ronlari vaqtida odatda maktab va muassalalar berkitiladi.

Poytaxt atrofidagi yo‘llar deyarli bo‘shab qoldi. Rasmiylarning maslahatlariga amal qilayotgan haydovchilar imkon qadar shaxsiy avtomobillaridan foydalanmaslikka, ya'ni ehtiyoj tug‘ilmaganda muzlab qolgan yo‘llarda yurmaslikka harakat qilishmoqda.

Vashington va uning atrofida istiqomat qiluvchilar o‘z ehtiyojlari uchun maxsulotlarini g‘amlab qo‘yishga urinmoqda. Ular birinchi galda, suv, oziq-ovqat, elektr manbaidan mahrum bo‘lishganida kerak bo‘ladigan qo‘l chiroqlarini xarid qilishmoqda.

Do‘konlarning peshtaxtalari payshanba kuni deyarli bo‘shab qolgan. Shuningdek, qorlarni tozalashda ishlatiladigan kuraklarning ham bozori chaqqon.

Vashingtonda dushanbadan boshlab kunlar isib, qorlar erib ketishi kutilmoqda. AQSh Milliy meteorologiya xizmati taxminlariga qaraganda, qorbo‘ronlari oqibatida 1 milliard dollar miqdorida iqtisodiy zarar ko‘rilishi mumkin.

Kommunal xizmatlar yo‘l va ko‘chalarni qorlardan tozalash masalasini xozirdanoq o‘ylay boshlagan.

Sh.To‘laganov