Jamiyat | 20:54 / 22.01.2016
8933
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gripp epidemiyasining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda

Shu kunlarda Yevropaning janubiy mintaqalari, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va boshqa qator davlatlarda grippning A(H1N1) shtammi keng tarqalmoqda.

O‘zbekiston aholisi orasida ham mavsumiy gripp bilan kasallanish hollari uchrab turibdi. Bunday bemorlarga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, kasallikning aholi orasida tarqalib ketishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyev bilan shu haqda suhbatlashdi.

Gripp va o‘tkir respirator infeksiyali kasalliklarning yuqish yo‘llari, ulardan himoyalanish usullari haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Gripp va o‘tkir respirator infeksiyali xastaliklar ob-havoning o‘zgarishi bilan qo‘zg‘alish va tez tarqalish xususiyatiga ega. Bu viruslar asosan havo orqali yuqadi. Gripp surunkali kasalligi bor bemorlar, bolalar, keksalar, homilador ayollarda og‘irroq kechishi mumkin. Shu bois kasallik o‘z vaqtida aniqlanib davolansa, asoratlarining oldi olinadi.

Shu jihatlar e'tiborga olinib maktabgacha ta'lim, umumta'lim, tibbiyot muassasalarida profilaktika ishlari kuchaytirilmoqda. Ta'lim maskanlarida vrach va hamshiralar tomonidan ertalabki tibbiy tahlillarni tashkil etish va reja asosida o‘tkazish, gripp alomatlari aniqlanganlarga shu yerning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda mutaxassislar kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng maqbul usullari haqida tavsiyalar ishlab chiqib, keng targ‘ib etmoqda. Eng samarali usullardan biri yuzga niqob taqib yurishdir. Chunki gripp virusi insondan insonga asosan havo orqali yuqadi. Niqob taqishning ham o‘z qoidasi bor. Ularni kuniga uch-to‘rt marta yangisi bilan almashtirib turish zarur.

Xastalik maishiy yo‘l bilan yuqishining oldini olishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish nihoyatda muhim. Davolash-profilaktika muassasalari, maktabgacha tarbiya va umumta'lim maktablari, ishxonalarda kuniga ikki marta dezinfeksiya va kimyoviy yuvish mahsulotlari vositasida tozalik ishlarini amalga oshirish, xonalarni doimiy shamollatib turish maqsadga muvofiqdir.

Grippga qarshi kurashda har bir inson kasallikning dastlabki belgilarini yaxshi bilishi kerak. Gripp yuqqanda odamda bosh va mushaklar og‘rig‘i, ishtaha yo‘qolishi, holsizlik, tumov, yo‘tal, haroratning ko‘tarilishi, ich ketishi kuzatiladi. Bunday hollarda zudlik bilan oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorni uyga chaqirish tavsiya etiladi. Bugungi kunda barcha birlamchi tibbiyot maskanlarida umumiy amaliyot vrachlari va oila shifokorlari bunday bemorga birlamchi yordam ko‘rsatish borasida yetarli bilimga ega. Klinikalar va davolash muassasalari yuqumli kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmonlar bilan ta'minlangan.

Grippga chalingan ko‘pchilik bemorlar uy sharoitida o‘z bilganicha davolanishni ma'qul ko‘radi. Bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

– Gripp virusli kasallik bo‘lgani uchun antibiotiklar ichish samara bermaydi. Ayniqsa, bolalarga aspirin ichirish aslo mumkin emas. Dorilarni bu tartibda noto‘g‘ri qo‘llash, oshqozon-ichak, asab, hazm tizimi bilan bog‘liq kasalliklarga sabab bo‘lishi, allergik xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun gripp bilan xastalangan bemor albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishi, uning tavsiyasi asosida davolanishi kerak. Shu jihatlar e'tiborga olinib birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari shifokorlariga harorati baland bemorlar haqida ma'lumot kelib tushsa, ularga uy sharoitida tez va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘tkir respirator infeksiyali kasalliklarda ham uy sharoitida vrach kelguniga qadar malinali, limonli, asalli choy, qaynatilgan sut, na'matak damlamasini tez-tez ichib turish foydali. Hozirgi kunda shifokorlar bunday tavsiyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida mahallalar, ta'lim maskanlarida tez-tez uchrashuvlar tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, emlash tadbirlarini o‘tkazish, tozalikka rioya etish, xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, xonalarni shamollatish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsiy gigiyena qoidalarini doimo yodda tutish, ayniqsa, bolalarni ovqatlanishdan oldin qo‘llarini sovunlab yuvishga odatlantirish lozim. Iqlimga mos kiyinish, ovqatlanish me'yori va qoidalariga to‘la rioya etish salomatlikning muhim omilidir.