O‘zbekiston | 11:45 / 23.01.2016
4351
2 daqiqa o‘qiladi

2015 yilda Namangandagi yirik korxonalarning 30 foizida sanoat ishlab chiqarishida pasayish kuzatildi

Namanganda 2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, 2015 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,7 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 14, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,9, kapital qo‘yilmalar 5,9, qurilish-montaj ishlari 11,1, chakana savdo aylanmasi 12,9, jami xizmatlar ko‘lami 13,2 foiz o‘sdi.

Hisobot davrida 1650 dan ortiq yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 15 ming 731 taga, viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 80,2 foizga, sanoatdagi ulushi esa 61,9 foizga yetdi. 70 ga yaqin korxona tomonidan 127,8 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Yig‘ilishda yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolarga e'tibor qaratildi. Viloyatdagi yirik korxonalarning 30 foizida sanoat ishlab chiqarishida pasayish kuzatilgan. Jumladan, Namangan shahridagi 7 korxonada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 24 milliard so‘mga kamaygan. Bunday holat Norin, Pop tumanlarida ham qayd etilgan. Chortoq, Chust kabi tumanlarda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish viloyat umumiy ko‘rsatkichidan past darajada qolmoqda. Yangiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlarida mahalliylashtirish dasturi asosidagi ishlar talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda qayd etib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Namangan viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Islom Karimov Namangan viloyati hokimining almashtirilishi sababini aytdi