Jamiyat | 14:41 / 23.01.2016
17356
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Milliy liboslar namoyishi o‘tkazildi

Namanganda “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin” deb nomlangan festival bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Namangan viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, xalq ta'limi boshqarmalari, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidenti rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

"An'anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival bu borada olib borilayotgan ishlarning davomidir. Zero, festivalning quyi bosqichlari yuzlab tadbirkor va chevar ayollarni kashf etib, ularga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini bermoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va “ommaviy madaniyat”ga qarshi samarali kurashishda bunday ishlarning o‘rni beqiyos", – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi H.Yusupova.