Jahon | 21:50 / 26.01.2016
2407
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Daniya qochqinlarning pulini musodara qilishga imkon beruvchi qonunni muhokama qilmoqda

Daniya parlamenti 26 yanvarda qochqinlarni saqlash bo‘yicha bir qism xarajatlarni ularning o‘ziga yuklashga imkon beruvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqadi, deb xabar bermoqda Politiken gazetasi.

“Hukumatga boshpana izlayotgan muhojirlarga xarajatlarni qoplash uchun ulardan naqd pul mablag‘lari va qimmatbaho buyumlarni musodara qilish huquqini berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, vaqtinchalik himoya maqomiga ega bo‘lgan qochqinlar ularning yoniga turmush o‘rtoqlari yoki bolalari kela olishlari uchun Daniyada kamida uch yil qonunan yashaayotgan bo‘lishlari kerakligi nazarda tutilmoqda”, deb yozmoqda gazeta.

Daniya qochqinlarning mamlakatga kelishini kamaytirish uchun bunday choralarga bordi. Daniya hukumati oxirgi ikki yil ichida qochqin maqomini olish uchun rekord darajada, 2014 yilda 15 mingta, 2015 yilda 21 mingta murojaat olgan.

“Daniyani boshpana izlayotganlar uchun kamroq jozibador qilish kerak”, deb hukumatning bu tashabbusini tushuntirmoqda gazeta.

Yevropa hozirda ko‘p o‘n yilliklardan beri eng jiddiy migratsion inqirozni boshidan kechirmoqda. YeS Frontex agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning dastlabki 10 oyida Yevropa Ittifoqiga 1,2 mln ga yaqin muhojir kelgan.