Jamiyat | 09:58 / 26.01.2016
3023
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoyda po‘lat ishlab chiqarishning qisqartirilishi 400 ming kishining ishdan bo‘shatilishiga olib keladi

Xitoy hukumatining po‘lat ishlab chiqarish quvvatini qisqartirish bo‘yicha rejalari po‘lat quyuvchi korxonalarning 400 mingga yaqin xodimining ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Xitoyning “Sina” axborot portali ma'lum qildi.

Xitoyning metallurgiya sanoati rivojlanishini rejalashtirish tadqiqot instituti rahbari Li Sinchuanning fikricha, po‘lat quyuvchi korxonalarning 400 ming xodimidan tashqari, bu soha bilan bog‘liq qazib oluvchi korxonalar va oxirgi mahsulotni sotuvchi kompaniyalarning xodimlari ham o‘z ish o‘rinlarini yo‘qotishlari mumkin. “Po‘lat quyish sanoatidagi quvvatlarning bunday katta ko‘lamda qisqartirilishi ijtimoiy barqarorlikka xavf solishi mumkin”, deb aytmoqda Sinchuan.

“Jenmin jibao” gazetasining ma'lum qilishicha, Xitoy hukumati yaqin orada po‘lat ishlab chiqarish quvvatlarini 100-150 mln tonnaga kamaytirmoqchi hamda ko‘mir qazib olish quvvatlarini “anchagina katta ko‘lamda” qisqartirmoqchi.

2015 yilda Xitoyda 34 yil ichida birinchi marta po‘lat ishlab chiqarish hajmi qisqardi. O‘tgan yili Xitoy 804 mln tonna po‘lat ishlab chiqardi, bu miqdor 2014 yildagidan 2,3 foiz kamroqni tashkil qilgan.

Xitoy sanoati ayni vaqtda bir qator sohalarda ishlab chiqarishning me'yoridan oshib ketishi va iqtisodiyot o‘sishining umumiy sekinlashishi bilan bog‘liq muammolarni boshidan kechirmoqda.