Jamiyat | 23:30 / 26.01.2016
4825
2 daqiqa o‘qiladi

Ta'tilni nishonlashda me'yordan ortiq spirtli ichimlik iste'mol qilgan britaniyalik o‘lib qoldi

Buyuk Britaniya fuqarosi Piter Nikolson 36 soat davomida uzluksiz ravishda spirtli ichimlik iste'mol qilishi natijasida vafot etdi. U ta'tilga chiqqach, Tailandga sayohat qilgan va do‘stlari bilan kimo‘zarga ichish bo‘yicha bellashgan. Bu haqda The Sun nashri xabar bergan.

29 yoshli bu yigitning jonsiz tanasi Tailanddagi mehmonxonalardan birida topilganida, uning yonida aroq va Red Bull energetik ichimliklari solingan 4ta chelak, 20ta pivodan bo‘shagan idish hamda ovqat qoldiqlari bo‘lgan.

Vigan shahrida yashagan va muhandis bo‘lib ishlagan bu yigit ta'tilni hali aeroportdaligidayoq nishonlay boshlagan. U Manchesterdan Bangkokka uchayotgan samolyotga spirtli ichimlik iste'mol qilgan holatda chiqqan. Samolyot Qatarda to‘xtaganida u yana kolaga viski aralashtirib ichgan.

U tunagan mehmonxona xodimlari uni ertalab uyg‘ota olishmagach, politsiyachilar va tibbiyot xodimlari chaqirilgan. Tekshiruvlar natijasida uning 100 millilitr qonida 341 mikrogramm alkogol borligi aniqlangan.

Nikolsonning o‘limi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan mutaxassis Elison Matchning aytishicha, marhum tetiklashtiruvchi Red Bull ichimligini ham ko‘p miqdorda ichgani tufayli uning o‘zi ham, do‘stlari ham ahvol qay darajada ekanini sezishmagan.

"U ichkilikni yoqtirardi. Lekin piyonista emasdi. Piter ertalablari yugurar edi va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanib turardi. O‘g‘lim sayohatlarga chiqishni yoqtirardi, ko‘pincha Tailandga ketardi", degan muxbirlarga marhumning onasi.