O‘zbekiston | 06:58 / 27.01.2016
3205
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi bergan matbuot-anjumanda germaniyalik ayollar futboli murabbiyi Monika Shtab ham ishtirok etdi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing 26 yanvardagi matbuot-anjumanida Germaniya va O‘zbekistonning 2015 yildagi hamkorligi haqida ma'lumotlar berdi va joriy yildagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Matbuot-anjumanda O‘zbekistonga ayollar futboli bo‘yicha murabbiylarning malakasini oshirish bo‘yicha master-klasslar va seminarlar o‘tkazish uchun kelgan nemis futbol murabbiyi, ayollar futboli bo‘yicha FIFA eksperti Monika Shtab ham ishtirok etdi.   

Monika Shtab “Frankfurt” ayollar jamoasining murabbiyi sifatida 1999 yildan 2003 yilgacha 4 marta Germaniya chempionati va besh marta Germaniya kubogi hamda bir marta, ya'ni 2002 yilda ayollar o‘rtasida UYeFA Chempionlar Ligasi sohibi bo‘lgan.

“Bu mening O‘zbekistonga ikkinchi tashrifim. Birinchisi 2010 yilda bo‘lgan, men o‘shanda sizning mamlakatingizga FIFA loyihasining maslahatchisi sifatida kelgandim. Men O‘zbekistonda ayollar futboli rivojlanishida oxirgi yillarda yuz bergan ijobiy yutuqlarni mamnuniyat bilan qayd qilishim mumkin”, deb aytdi Monika Shtab.

“Asosiysi, men sizning davlatingiz ayollarida bugun kunda ayollar futboli bilan shug‘ullanishga imkoniyat mavjudligini ko‘rmoqdaman va ular buni yaxshi qila oladilar”, deb ta'kidlab o‘tdi nemis mutaxassisi.

Nemis mutaxassisining fikricha, O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish uchun ikkita masalani hal qilish kerak: klublarning barqaror moliyalashtirilishini ta'minlash va 16 yosh va undan ham ertaroq yoshdagi o‘smirlar jamoalari bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish kerak.

Bugungi kunda O‘zbekiston ayollar futbolida oliy divizionda 12 ta jamoa, 1-divizionda esa 6 ta jamoa ishtirok etadi.