Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokistonning eng yirik shahri Karachi elektr energiyasiz qoldi
29 yanvarda Pokiston oxirgi yillarda duch kelayotgan energetik inqiroz yana bir bor o‘zi haqida eslatdi – mamlakatning eng yirik shahri Karachi butunlay elektr energiyasiz qolib ketdi. Jamshoro aholi punkti hududida elektr uzatish liniyasida avariya sodir bo‘lishi oqibatida Pokistonning bu sanoat va moliyaviy markazi tom ma'noda falajlanib qoldi. Bu haqda “Geo ti-vi” telekanali ma'lum qildi.
Ayni paytda elektr shaharning ko‘pchilik tumanlariga berilmayapti: shaharning 70 foizdan ko‘prog‘i elektrsiz qolgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, elektr uzatish liniyasidagi tutashuv bu hududlar uchun yilning shu vaqtiga xos bo‘lgan to‘xtamayotgan tumanlar sababli yuzaga kelgan yuqori namgarchilik tufayli yuzaga kelgan.
Oqibatda shahardagi ko‘pchilik korxonalar, idoralar, do‘konlar yopildi yoki ularning egalari energiya ta'minotining minimal darajasini ta'minlab turish uchun elektrogeneratorlardan foydalanishga majbur bo‘lganlar. Avariya, shuningdek, shaharga ichimlik suvi uzatilishida ham jiddiy uzilishlarni keltirib chiqardi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mutaxassislar elektr ta'minotini tiklash uchun joyda ish olib borishmoqda. Ularning aytishicha, shahardagi elektr ta'minotini tiklash uchun 48 soat vaqt talab qilinishi mumkin.
Oxirgi bir necha oy davomida Karachi shunday avariyalar sababli birinchi marta elektr energiyasiz qolayotgani yo‘q. Shunga o‘xshash uzilishlar mamlakat poytaxti Islomobodda va boshqa shaharlarda ham kuzatilgan.
Ko‘pchilik mamlakatdagi energiya ta'minotidagi yomon vaziyatni mamlakat bosh vaziri Navoz Sharif boshchiligidagi hukumatning noeffektiv ishi bilan bog‘lashmoqda.