Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda birinchi marta murakkab yurak qon-tomir jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Andijon davlat tibbiyot instituti qoshidagi klinikaning yurak qon-tomir jarrohlik bo‘limida ilk marotaba murakkab yurak nuqsoni bilan xastalangan bemor ustida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
“Saydaliyev E. 1967 yilda tug‘ilgan. U Shahrixon tumani dispanser nazoratida ko‘p yillardan beri revmatik yurak illati tashhisi bilan hisobda turar edi. Bemor ADTI klinikasiga tinch holatda hansirash, entikish, havo yetishmaslik hissi, yurak o‘ynashi, nam yo‘tal, oyoq, qorindagi shish, kam quvvat va umumiy holsizlik shikoyati bilan og‘ir holda yurak qon-tomir jarrohlik bo‘limiga yetkazildi. Bo‘limda tekshiruvlardan o‘tib, tashrihga tayyorlandi. Sun'iy kon aylanish sharoitida yurakdagi ikkita qopqoq sun'iy qopqoqlarga almashtirildi. Tashrih jarayoni va undan keyingi intensiv davolash davrida yurak qon-tomir jarrohlik, anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi xodimlari muntazam ravishda bemorning ahvolidan boxabar bo‘lishdi. Hozirda bemor oilasi va farzandlari davrasida sog‘lom turmush tarzini olib bormoqda”, - deyiladi institut vakilining Kun.uz saytiga yuborgan xabarida.
Xabarda keltirilishicha, shu kungacha bunday murakkab amaliyot asosan respublikamizdagi ixtisoslashgan ilmiy markazda bajarib kelinayotgan edi. Endilikda ADTI klinikasining yurak qon-tomir jarrohlik bo‘limi xodimlari ham bunday murakkab yurak nuqsoni bo‘lgan xasta bemorlar ustida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish tajribasiga ega.